Germaniya Bundestagining Budjet qo‘mitasi ballistik raketalarni atmosferadan tashqarida ham tutib olishga mo‘ljallangan Isroilning “Xets”-3 raketaga qarshi komplekslarini (u Arrow-3 nomi bilan ham tanilgan) sotib olish uchun 560 million yevro miqdoridagi birinchi transh ajratilishini ma’qulladi.
Politico nashrining yozishicha, Israel Aircraft Industries va American Boeing hamkorligida ishlab chiqarilgan “Xets-3” kompleksiga Germaniya sarflaydigan umumiy xarajatlar 4 milliard yevroga yetishi mumkin.
Bundan tashqari, Budjet qo‘mitasi Germaniyaning o‘zida ishlab chiqarilgan yana oltita IRIS-T SLM zenit-raketa komplekslarini sotib olishni ma’qulladi. IRIS-T SLM, boshqa funksiyalari qatori, qanotli raketalarni tutib olish uchun mo‘ljallangan. Ularning oltitasi uchun taxminan 950 million yevro sarflash rejalashtirilgan.
Deputat Karsten Klyaynning nashrga aytishicha, SLM IRIS-T va “Xets-3” ni xarid qilish “Germaniya ustidan himoya soyabonini yaratishga” yordam beradi.
14-iyun kuni Germaniya hukumati tarixda ilk bor Milliy xavfsizlik strategiyasini taqdim etdi. Bu boradagi ishlar 2021-yilda boshlangan, biroq Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin u sezilarli darajada tezlashgan. Strategiyada, jumladan, Germaniya o‘z mudofaa xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning 2 foizigacha oshirishi aytilgan.
Izoh (0)