Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir qilgan sudlanuvchiga nisbatan ish ko‘rib chiqildi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 44 yoshli ushbu shaxs muqaddam olti marotaba sudlangan. U qamoqdan chiqqanidan keyin akasi bilan uy ustida janjallashib qolgan. Aka unga uyni sotish taklifini bergan, uka esa uyga to‘liq o‘zi ega chiqishni istagan.
19-fevral kuni kelishmovchilik oqibatida xavfli retsidivist akasini kaltaklagan. “Menga pichoq ko‘tardi, men ham urdim. Uydan chiqib ketdim, hali tirik edi. Uch kundan keyin meni qo‘lga olishib, o‘lganini aytishdi”, — deydi ayblanuvchi.
Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, marhum bosh miya yopiq jarohati, bosh miya to‘qimalari va pardalari ostida qon quyilishi, shuningdek, ko‘krak qafasi va ikki tomonlama qovurg‘alar sinishi, o‘pka va buyrak lat yeyishi, taloqning yorilishi va boshqa tan jarohatlaridan vafot etgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining hukmi bilan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “j, s” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilgan shaxsga 85 million 505 ming so‘m jarima va 17 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Pichoqlash bilan yakunlangan oilaviy janjallar
Surxondaryo viloyatida erkak qaynukasi tomonidan, Samarqandda 70 yoshli erkak 60 yoshli qaynukasi tomonidan pichoqlangandi. Buxoroda er janjal sabab xotinini pichoqlagani, Jizzaxda er rashk sabab avval xotinini keyin esa o‘zini pichoqlab o‘ldirgani, Vobkent tumanida mast fuqaro qaynukasini pichoqlagani to‘g‘risida xabar berilgandi. Bir necha kun oldin Toshkentning Mirobod tumanida 21 yoshli yigit o‘z akasini pichoqlab o‘ldirgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)