Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi g‘alla maydonida yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘inda taxminan 1 gektar yer maydonidagi g‘alla yongani aytilmoqda.
Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining maʼlumot berishicha, yong‘in kecha, 27-may kuni Oyoqchi qishlog‘ida sodir bo‘lgan.
“27-may kuni soat 15:11 larda Kitob tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limiga ‘Zarafshon’ MFY, Minjil qishlog‘ida joylashgan ‘Ayoqchi’ fermer xo‘jaligiga qarashli ochiq dalada yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan. Yong‘inga 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb qilingan va soat 15:58 larda voqea joyiga yetib borib, yong‘inni 16:50 larda bartaraf etgan. Yong‘in oqibatida fermer xo‘jaligiga qarashli taxminan 1 gektarga yaqin g‘alla maydoni zarar ko‘rgan”, — deyiladi rasmiylar maʼlumotida.
Qo‘shimcha qilinishicha, mahalliy aholi va yong‘in-qutqaruvchilarning saʼy-harakatlari bilan ekin maydonga yondosh bo‘lgan qariyb 15 gektar ekin maydoni yong‘indan saqlab qolingan.
Hozirda yong‘in sababi va zarariga aniqlik kiritilmoqda.
Izoh (0)