Urush paytida Rossiyaning yuqori martabali amaldorlariga iste’foga chiqish taqiqlandi, buning uchun ular jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin, deb yozmoqda “Vajniye istorii” nashri manbalarga tayanib.
Kremlda davlat amaldori lavozimini tark etish istagi xiyonat sifatida baholanadi, shuning uchun davlat xizmatchilariga “birdamlikni namoyish etish” vazifasi yuklatilgan, deyiladi nashr xabarida.
Shu bilan birga, nashr suhbatdoshlaridan biri urush boshlanganidan keyin ishdan ketishni xohlayotgan odamlar “ko‘p”ligini, ammo “hamma ketaversa, boshqaruv yo‘qolishini” aytdi. Ishdan bo‘shatishni taqiqlash amaliyotida istisnolar ham mavjud, masalan, sog‘liq sabab yoki korrupsiya bilan bog‘liq holatlarda amaldorlarga iste’fo beriladi.
Shu bilan birga, Meduza ning Rossiya prezidenti ma’muriyatiga yaqin bo‘lgan ikki suhbatdoshi davlat xizmatidan ketish aksariyat amaldorlar va ayniqsa, gubernatorlar uchun urushdan oldin ham qiyin bo‘lganini aytdi. Misol uchun, 2021-yilda Orenburg gubernatori Denis Pasler iste’foga chiqishni so‘ragan, ammo u hamon o‘z lavozimida qolmoqda.
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan yuqori martabali amaldorlarning xorijga chiqishi cheklandi. 2023-yil mart oyida “Sistema” nashri Rossiya davlat kompaniyalari va mansabdor shaxslarining ayrim xodimlaridan “zagran” pasportlarini topshirish so‘ralgani haqida xabar qildi. Aprel oyida The Bell xorijga chiqish davlat apparati xodimlari uchun butunlay yopilganini yozdi. Nashrga ko‘ra, Kremlda bunday cheklovlar yo‘q.
Izoh (0)