1967-yil 9-oktabrda serjant Mario Teran Boliviya prezidenti Rene Barrientos Ortuno buyrug‘i bilan kubalik inqilobchi Che Gevarani qatl qildi: yollangan askar unga qarata to‘qqizta o‘q uzdi.
Shunday qilib, aksariyat odamlar uchun misli ko‘rilmagan jasoratga ega qahramon, adolat tarafdori, zolimlarga qarshi kurashuvchi, Nelson Mandela ta’riflaganidek “erkinlikni sevadigan har bir inson uchun bitmas-tuganmas ilhom manbai” bo‘lgan komandantening shonli umri yaqin qishloqlar uchun eski maktab vazifasini o‘tagan qarovsiz binoda poyoniga yetdi.
Xo‘sh, Che chindan biz eshitgan jasur qiyofadagi insonmidi, yoki minglab odamlar qonidan huzurlangan yovvoyi zo‘ravon? “Daryo” “100 buyuk inson” loyihasi doirasida inqilob uchun har kimning hayotini qurbon qilishga tayyor argentinalikning shovqin va shafqatsizlikka to‘la hayoti xususida hikoya qiladi.
Falsafa, she’riyat va erta uyg‘ongan shafqatsizlik
Bolalikda unga bronxial astma tashxisi qo‘yiladi — u butun umri davomida ushbu kasallikdan azob chekdi. To‘qqiz yoshgacha onasi uni uyda o‘qitdi. Gevara soatlab karavotda yotar, falsafa va she’riyatga oid kitoblarni o‘qir va ko‘pincha shaxmat o‘ynardi.
Ahvoli biroz yaxshilangach, Ernesto ikkinchi sinfga kirdi. Alta-Grasiya shahridagi maktab direktorining so‘zlariga ko‘ra, u durustgina aql-zakovatga ega bo‘lishiga qaramay, sinf sardorlikka urinib ham ko‘rmagan, lekin maktab o‘yin maydonchasida shumtakalarni o‘ziga ergashtiruvchi qulog‘iga gap kirmas, o‘z bilganidan qolmaydigan “mitti lider”ga aylanardi. U bolalarni hayratda qoldirishni yaxshi ko‘rardi: sinfda bo‘r yeb ko‘rdi, siyoh ichib oshqozonini ishdan chiqardi, o‘zidan quturgan ho‘kiz “yasab oldi”, ko‘cha chiroqlariga ayirmadan tosh otib mahalla nuroniylari qarg‘ishiga qoldi. Hatto bir kuni uni ranjitgan odamdan o‘ch olish uchun fil suyagidan yasalgan royal klavishlarini axlat bilan iflos qildi.
Uning shafqatsizligi bolaligidayoq namoyon bo‘la boshladi: tortishib qolgan bolalarning hammasi bilan jiqqamusht bo‘ldi, ustun kelgan paytlari raqibining yuzi qonga bo‘yalguncha kaltakladi. Amakivachchalaridan birining so‘zlariga ko‘ra, kichkina “maxluq” hayvonlarni qiynoqqa solishni yaxshi ko‘rardi.
U hamma narsani olomon qarshisida namoyishkorona qilishni xush ko‘rgan. Tomoshabinlarni lol qoldirishga, ularning e’tiborini jalb qilishga harakat qilgan. Uning do‘sti Alberto Granado shunday xotirlaydi: “Unga El Loko (aqldan ozgan) Gevara deb ism qo‘yishgandi. Uning o‘zi ham yomon odam bo‘lishni yaxshi ko‘rardi. Masalan, u kamdan kam yuvinishini aytib, bolalarga maqtanardi. Aytgancha, buning uchun u Chancho (cho‘chqa) laqabini olgandi. Bir safar ko‘rib qo‘yinglar, ustimdagi ko‘ylakni yuvmaganimga 25 hafta bo‘ldi, deya kerilib gapirganini eslayman”.
O‘smirlik payti Che Freyd, Bertran Rassell, Benito Mussolini, Iosif Stalin va Karl Marks asarlarini o‘qidi, Kafka hamda Sartrga o‘zgacha muhabbat qo‘ydi. Bundan tashqari, unga “Mayn Kamp” kitobidagi Gitler ilgari surgan g‘oyalar, shuningdek, Engels va Leninning asarlari yoqib qoldi.
“Che”
Sevimli buvisining vafoti va astma kasalligini davolash istagi uning shifokor bo‘lish istagini alangalatib yuboradi. Kenjatoy singlisining so‘zlariga ko‘ra, u Ernestoni buvisining o‘limida bo‘lganchalik ezilganini ko‘rmagan. Biroz vaqt o‘tib, Che Buenos-Ayres universitetining tibbiyot fakultetiga o‘qishga kirdi.
U universitetda moxov kasalligini o‘rganishga qiziqib qolgach, butun umrini kasallangan janubiy amerikaliklarni davolashga sarflashni niyat qildi.
1952-yil yanvar oyida Gevara akasi bilan mototsiklda Janubiy Amerika bo‘ylab sayohat qildi. Bu haqida u o‘zining “mototsiklchi kundaligi”da batafsil yozib qoldirgan. Ular Chili, Peru, Kolumbiya va Venesuelaga, keyingi yil, ya’ni universitetni tamomlagan payti esa Boliviya, Peru, Ekvador, Panama, Salvadorga tashrif buyurishdi. Bu sayohatning pulini qoni qaynoq aka-ukaning ota-onasi ko‘tardi. Ha, bo‘lajak inqilobchi ishlab pul topishga eringan va bu narsani o‘ziga ep ko‘rmagan.
1954-yilda Gevara Meksikaga keldi va u yerda allergologiya bo‘limidan ish topdi. Aynan o‘sha kezlar ismiga o‘z nutqida tez-tez ishlatib turadigan ispancha so‘z “Che”ni (xo‘sh, ha, degan ma’noni anglatadi) qo‘shib oldi.
Meksikadagi tanish og‘aynilari uni Raul Kastro bilan, Raul esa akasi Fidel Kastro bilan tanishtirdi. Bu uchrashuv Ernesto Gevaraning keyingi hayotini belgilab berdi.
“Yashasin, ozod Kuba!”
Gevara Kubada qurolli inqilobni amalga oshirishga tayyorlanayotgan Kastro va uning ukasiga qo‘shiladi. Isyonchilarning deyarli yarimi halok bo‘lishiga qaramasdan, dehqonlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, ularning Gavana tomon harakatlanishiga imkoniyat yaratib beradi. 1958-yilning 28-dekabr kuni Santa Klara shahrida kurash boshlangan, uch kun o‘tib shahar egallanadi, ertasi kuni “qoni sovib ulgurmagan” inqilob armiyasi Gavanaga kiradi va g‘alaba qozonadi. Shu kundan boshlab, Kuba xalqining hayotida yangi, murakkab vaziyatlarga to‘la bosqich boshlandi.
Inqilobchilar Gavanani egallab olishlari bilan Che Gevara eng hashamatli uylardan birini o‘zlashtirdi. Ulkan basseynga ega, uyning o‘zida yettita hammom, sauna, massaj xonasi bor qasrda rohatlanib kun kechirar ekan, qiziqqon argentinalik birovni otib tashlash uchun aybini isbotlovchi dalil kerak emasligi, unga faqat birovni otib tashlash kerakligi haqidagi dalil muhimligini aytib, maqtanardi.
Che Gevara 1959-yil yanvardan iyungacha ko‘p vaqtini San-Karlos qal’asida o‘tkazdi. Ko‘p o‘tmay muhtasham qasr ko‘rsa, ko‘ngil ag‘dariladigan qiynoq kameralari bor qamoqxonaga aylandi. Xuddi o‘sha yerda 22 yil umrini sovuq panjaralar ortida o‘tkazgan Armando Valyadaresning so‘zlariga ko‘ra, goh-gohida “Viva Cuba Libre!” (Yashasin, ozod Kuba!) va “Viva Cristo Rey” (Yashasin, Iso Masih!) degan hayqiriqlardan qal’a devorlari silkinib turar, sal o‘tmay ortidan avtomatlarning to‘xtovsiz ovozi quloqni qomatga keltirardi.
Che o‘z qo‘l ostidagilarga, mahbuslarni kechasi so‘roq qilishni, shunda odamning psixologik qarshiligi past bo‘lishi hamda uni taslim qilish nisbatan oson kechishini aytardi. Uning qancha odamni qatl qilganligi haqida aniq ma’lumot yo‘q. Cheni 1956-yildan bilgan kubalik jurnalist Luis Ortega o‘zining “Men Cheman” kitobida dongdor qotil qo‘lida 1892 kishi halok bo‘lgani haqida yozgan.
“Che Gevara: Biografiya” kitobi muallifi Deniel Jeymsning yozishicha, Chening o‘zi Fidel Kastro hukmronligining birinchi yilidayoq “bir necha ming” o‘lim to‘g‘risidagi orderni imzolaganini tan olgan.
Keyinchalik Kuba rahbari Che Gevarani sanoat vaziri etib tayinlaydi. Biroq bu qaror Kuba iqtisodiyoti uchun halokatli bo‘lib yakunlandi. Hatto SSSRning yirik moliyaviy ko‘magi ham mamlakatni oyoqqa turg‘izishga yordam bermaydi.
1964-yil dekabr oyida BMT Bosh Assambleyasi minbaridagi nutqida Che Gevara “tabiiyki, biz o‘q uzamiz (...) va bu kerak bo‘lar ekan, otishni to‘xtatmaymiz”, degan iqrori osmonga o‘rlayotgan bahaybat olovga yoqilg‘i o‘laroq xizmat qiladi. Fidel Chening xarakteri va qiliqlaridan charchagani haqida mish-mishlar tarqalgan bir paytda, Kastro uni o‘zining odatiy ishi — inqilob uyushtirish uchun yuboradi. Bu safar chek Boliviyaga tushadi.
1966-yil noyabr oyida Che mahalliy isyonchilarga yordam berish uchun Boliviyada partizanlik urushlariga kirishib ketadi. Avvaliga Gevaraning bo‘linmalari muvaffaqiyat qozonadi, hukumat qo‘shinlari ustidan bir nechta g‘alabalarga erishilgach, boliviyalik shaxtachilar qurolli hujum tashkillashtiradi. Ammo Kuba rasmiylaridan hech qanday yordam kelmagach, qo‘zg‘olon keskin bostiriladi hamda xalq tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmaydi va 1967-yil oktabr oyida Ernesto asirga olinadi, so‘roq qilinadi, shundan so‘ng u Markaziy razvetka boshqarmasi (MRB) bilan aloqadorligi bor bo‘lgan boliviyalik askar Mario Teran tomonidan otib o‘ldiriladi.
Che Gevaraning o‘limidan so‘ng Kuba propagandasi undan olovli inqilobchi obrazini yaratib oldi. 2000-yilda Time jurnali Che Gevarani “20 ta qahramon” va “XX asrning yuz eng muhim shaxsi” ro‘yxatiga kiritdi.
Che Gevara shaxsi ortidagi ziddiyatlar
Che Gevara — siyosiy emas, balki inson xarakterining jumbog‘i. Bir tomondan mashhur inqilobchi bo‘lsa, boshqa tarafdan dong‘i chiqqan jallod. O‘zi minglab odamlarning yostig‘ini quritganini tan olgan shaxs. O‘limidan oldin u MRB agentiga odamlarni otishni yoqtirishini aytgan. Endi savol tug‘iladi: kepkalar-u futbolkalarda surati tushirilgan inqilobchi chindan timsol bo‘lishga arzirdimi?
To‘g‘ri, Fidel Kastro ham aksilinqilobiy raqiblarini yo‘q qilgan, lekin hech qachon o‘z-o‘zidan, qonga tashna bo‘lib emas, vaziyat taqozo etgandagina shu qarorga kelardi. Shuning uchun Che Gevara haqida gapirganimizda, u to‘g‘risida nimadir deyish qiyin.
Che kim? O‘z maqsadi yo‘lida qurbonlarni ayamagan qonxo‘r jallodmi, odamlarning mog‘or bosgan yuragiga chog‘ tashlab, alangalatgan millatning yorqin timsolimi, qanchalik ideal bo‘lishga chiranmasin, inson tabiatida nomukammallik mavjudligi va u bir kuni o‘ziga pand berib qo‘yishini bilgan chala faylasufmi yoki qadriyati barbod bo‘lib, o‘laksaxo‘r muhit tarbiyalagan odammi, yengil xarxashani dahshatli urushga o‘zgartirgan shaxsmi, kim o‘zi?
Che Gevara va boshqa inqilobchilarda maqsad dastlab to‘g‘ri edi. Keyinchalik g‘alabalardan ortiqcha ruhlanish fikrni kirlatdi, rus inqilobchilari qulagan tuzoqqa tushdi: sen bitta narsani qila boshlaysan, biroq oxir-oqibat u butunlay boshqacha bo‘lib chiqadi.
Che Gevara butunlay o‘zgacha odam edi. U aka-uka Kastro va boshqalar ishtirok etgan Kubadagi “qurilish”ning bir qismi bo‘lishni istamas va bunga qodir ham emas edi. Che bu bahaybat repressiv mashinaning rahbari bo‘lishi mumkinmas, uning o‘zi ham joyi bu yerda emasligini anglardi. U Belgiya Kongo, Jazoirdagi voqealar haqida nutq so‘zlar ekan, shunday deydi: “Dunyoning og‘riqli joylari qayerda?” U hayvonlarni qo‘lga o‘rgatib, tinch ushlab turadigan boquvchi emas, qattol ovchisi edi. Uning vazifasi hayvonni qo‘lga olish yoki o‘ldirish, tamom. Agar Che Gevarada aka-uka Kastrolar bo‘lmaganda va uning o‘zi diktatorlikni to‘liq egallaganda, ehtimol, Kubani Kambodja taqdiri kutgan bo‘lardi.
Che — haqiqiy qahramondan ajralib chiqqan ramz. Che — xato va puch g‘oyalar ta’siridan to‘liq chiqa olmay, o‘zini o‘tga otgan odam, mislsiz qahramonliklari bilan bir qatorda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan yovuzliklari ham eslanadigan g‘alati timsol.
Izoh (0)