O‘zbekistonda tashqi savdoni erkinlashtirish bo‘yicha navbatdagi muhim qadamlar qo‘yildi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqida ma’lum qildi, deb xabar beradi prezident matbuot kotibi.
Jumladan, investorlar uchun zarur bo‘lgan 7 mingdan ziyod xomashyo va tovarlarga bojxona bojlari bekor qilindi. Bojxona hududida qayta ishlashning soddalashgan tartibi joriy etildi.
Tashqi savdo va raqobat muhitini yangi bosqichga olib chiqish, yangi-yangi bozorlarga kirish maqsadida O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish borasidagi ishlarni jadallashtirdi.
“Alohida taʼkidlab o‘tmoqchiman, Jahon savdo tashkiloti talablari islohotlarimiz mazmuniga to‘la mos va biz ushbu nufuzli tashkilotga tezroq aʼzo bo‘lib kirishdan manfaatdormiz”, — dedi prezident.
Qayd etilishicha, hozir aʼzo mamlakatlar bilan muzokaralar olib borish hamda milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti qoidalari bilan uyg‘unlashtirish qizg‘in bosqichda.
2022-yilning dekabrida Jenevada O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini yanada jadallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. Shu yilning martida ham Jenevada O‘zbekistonning JSTga aʼzo bo‘lish masalasi ko‘rib chiqilgan.
Izoh (0)