Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida hech qanday hujjatlarsiz 200 kg dan ziyod go‘shtni olib ketayotgan haydovchi ushlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, holat Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Buvayda tuman bo‘limi tomonidan IIB hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan.
“Dodho” MFY hududida X.A.ning boshqaruvidagi Nexia to‘xtatib, ko‘zdan kechirilganda, ushbu avtomashina yukxonasida hech qanday hujjatlarsiz jami 206 kilogramm isteʼmolchilarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan qoramol go‘shti borligi maʼlum bo‘lgan. U mahsulotlarni Qo‘qon shahrida o‘tkazish maqsadida olib ketayotgani aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)