“Tolibon” harakati Sudanda armiya va tezkor kuchlar o‘rtasidagi ikki kundirki davom etayotgan to‘qnashuvlarga munosabat bildirdi. Bu haqda “Daryo”ning Afg‘onistondagi muxbiri xabar berdi.
“Tolibon” matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid Sudanda davom etayotgan tartibsizliklar yuzasidan Afg‘oniston muvaqqat hukumati pozitsiyasini bildirdi. U tomonlarni muloqot olib borishga chaqirdi. Mujohidning aytishicha, urush yechim emas, urushdan keyin hukumat zaiflashadi.
“Urushga sabab bo‘lgan muammolar bilan solishtirganda, urushning zarari bir necha baravar ko‘p, bu mamlakat xalqi va suverenitetiga tahdid solmoqda”, — dedi u.
Zabihulloh Mujohid Sudandagi voqealardan afsusda ekanini bildirdi va ziddiyatli tomonlardan urushni tezroq to‘xtatishni, siyosiy muloqot orqali masalaga yechim topishni so‘radi.
Ma’lumot o‘rnida, Sudanda 15-apreldan buyon armiya va tezkor qarshilik kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Har ikki tomondan 57 dan ortiq odam halok bo‘ldi, 595 kishi yaralandi. Ular orasida tinch aholi ham bor.
Izoh (0)