Fevral oyidagi O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasida tuzilgan bitimlar hajmi va yangi tashkil etilgan korxonalar o‘rganildi. Bu haqda “Daryo”ga Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar berdi.
Tahlil qilinayotgan davrda O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasida tuzilgan bitimlar hajmi 20,1 foizga o‘sdi.
Birja faoliyatining sezilarli o‘sishi Sirdaryo (102 foiz), Qashqadaryo (72,4 foiz), Samarqand (55,1 foiz) va Surxondaryo (46,8 foiz) viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (51,4 foiz) va Toshkent (6,9 foiz) viloyatlarida kuzatildi.
Ushbu hududlarda tuzilgan bitimlar hajmining o‘sishi paxta tolasi, bug‘doy uni, bug‘doy, suyultirilgan gaz, mineral o‘g‘it, texnik chigit, avtomobil benzini, dizel yoqilg‘isi, qurilish va maishiy materiallar, shakar, qora va rangli metallar prokati, polietilen va boshqa mahsulotlar savdosini ko‘paytirish hisobiga ta’minlanmoqda.
Shuningdek, tahlil qilinayotgan davrda 15 404 ta yangi korxona tashkil etildi. Ularning eng ko‘pi Samarqand (1 391), Qashqadaryo (1 346), Farg‘ona (1 340), Toshkent (1 167), Xorazm (1 059), viloyatlari va Toshkent (3 012) shahrida ro‘yxatga olingan.
Izoh (0)