Butunxitoy xalq vakillari kengashi deputatlari Xitoy raisi Si Szinpinni 5 yilga lavozimiga qayta sayladi. U mamlakat tarixida uchinchi muddatga saylangan ilk yetakchi bo‘ldi. Si Szinpin XXR Markaziy harbiy kengashi rahbari lavozimini ham qayta egalladi, deb yozmoqda Sinxua.
Si Szinpinni saylash qarori bir ovozdan qabul qilindi. Ovoz berishda 2 952 kishi ishtirok etdi. Bundan tashqari, Davlat kengashi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Xan Chjen XXR vitse-prezidenti etib saylandi. Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi doimiy qo‘mitasi a’zosi Chjao Letszi Butunxitoy xalq vakillari kengashining doimiy qo‘mitasi raisi etib tayinlandi.
Ovoz berish kengashning 14-chaqiruv birinchi sessiyasi uchinchi yalpi majlisida bo‘lib o‘tdi. Undan biroz avval deputatlar XXR Davlat kengashi apparatini isloh qilish rejasini ham ma’qullagan. Davlat kengashi Xitoyning eng yuqori ijro etuvchi organidir. Yakuniy islohot rejasi hali e’lon qilinmagan. Ammo ta’kidlanishicha, u Xitoy Kommunistik partiyasining “markazlashgan rahbariyatini” kuchaytirish va davlat apparati samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Si Szinpin 69 yoshda. U 2012-yilda Xitoy Kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi bosh kotibi bo‘ldi, 2013 va 2018-yillarda Xitoy Xalq Respublikasi raisi etib saylandi. 2017 va 2022-yillarda u qaytadan Kommunistik partiya Markaziy qo‘mitasi Bosh kotibi etib saylandi.
Izoh (0)