Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi, Prezident administratsiyasi rahbari Oqilbek Japarov amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Bu haqda Qirg‘iziston hukumatining matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif davomida mamlakatning turli hududlarida joylashgan qator sanoat va ilmiy-texnikaviy korxonalar faoliyati bilan tanishish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston oliy rahbariyati bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Oqilbek Japarov Jizzax viloyatining “Manas” qishlog‘ida istiqomat qiluvchi etnik qirg‘izlar bilan ham uchrashish niyatida.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning sentabrida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov amaliy tashrif bilan Qirg‘izistonga borgandi. O‘shanda Aripov ikki hukumat delegatsiyalarining qirg‘iz-o‘zbek davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha qo‘shma majlisida ishtirok etgan edi.
Izoh (0)