Rossiyaning “Letual” kosmetika kompaniyasi O‘zbekistonda faoliyatini boshlaydi
Rossiyaning “Letual” parfyumeriya-kosmetika tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Kommersant” xabar bermoqda.

Kompaniya O‘zbekistondan tashqari Qozog‘iston, Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston, Tojikiston va Mo‘g‘ulistonga kirib kelmoqchi.
Ta’kidlanishicha, 2023-yil fevral oyida HeadHunter portalidagi “Letual” profilida bir nechta vakansiyalar paydo bo‘lgan.
Masalan, kompaniya do‘konlar ochilishida ishtirok etadigan Olmaota shahridagi xavfsizlik bo‘yicha direktor qidirmoqda. MDH mamlakatlari bo‘yicha bosh hisobchi lavozimiga ham vakansiya e’lon qilingan.
Vakansiya ta’riflarida, ish faoliyati bir necha oy ichida boshlanishi aytilgan. Ayni paytda yuridik shaxslar, hisob-kitob hisobvaraqlarini ochish uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
“Kommersant”ning kosmetika bozoridagi manbasi ham “Letual”ning chakana savdo tarmog‘ini, xususan, O‘zbekiston va Qozog‘istonda rivojlantirish rejalari haqida gapirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi talabni ko‘plab yosh isteʼmolchilar, shuningdek, mamlakatga ko‘chib kelgan rossiyaliklar ham taʼminlashi mumkin.
Qozog‘istonda esa parfyumeriya va kosmetika bozorida “Letual” bilan bir segmentda ishlaydigan asosiy o‘yinchilar yo‘q.
L’Etoile— 1997-yilda Maksim Klimov tomonidan asos solingan Rossiyadagi eng yirik parfyumeriya chakana savdo tarmog‘i. Hozir kompaniya mamlakatning 250 ta shahrida mingga yaqin do‘konlarga ega.
Rossiyaning boshqa yirik kosmetik tarmoqlari ham tashqi bozorlarga chiqmoqda. Roppa-rosa bir yil avval Magnit Cosmetics ham O‘zbekistonda do‘konlarini ochgandi. Hozirda kompaniya do‘konlari 12 taga yetgan.
Infoline-Analytics bosh direktori Mixail Burmistrov O‘zbekiston, Qozog‘iston, Gruziya, Armaniston, Qirg‘iziston poytaxtlaridagi o‘yinchilarning rivojlanishi ushbu mamlakatlarda iqtisodiyot va iste’mol bozori o‘sib borayotgani, shuningdek, mamlakatdan emigratsiya to‘lqinining ta’siri tufayli istiqbolli deb hisoblamoqda.