Rossiya Kommunistik partiyasidan Samara viloyat dumasi deputati Mixail Abdalkin prezident Vladimir Putinning Federal Majlisga murojaatini qulog‘iga lag‘mon ilgan holda tomosha qilgandi. Mazkur holat yuzasidan deputat Rossiya Qurolli kuchlarini obro‘sizlantirishda ayblandi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar berdi.
Deputatga nisbatan Rossiya Qurolli kuchlarini obro‘sizlantirish (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 20.3.3-moddasi 1-qismi) bo‘yicha ma’muriy bayonnoma tuzildi. Materiallar Novokuybishevsk shahar sudiga yuborilgan. Bayonnoma 7-mart kuni ko‘rib chiqiladi.
21-fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Federal Majlisga murojaat bilan chiqdi. Shu kuni Abdalkin o‘zining “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida qulog‘iga lag‘mon ilib, prezident murojaatini tomosha qilayotgan videosi bilan post joylashtirdi. Keyinroq davlat dumasi deputati Aleksandr Xinshteyn Abdalkinning qilmishidan norozi bo‘lib, uni “o‘zini tiyib turishga” chaqirdi.
O‘z navbatida, Kommunistik partiya fraksiyasi matbuot xizmati rahbari Aleksandr Yushchenko bergan intervyusida deputatning qilmishini “ahmoqlik” deb atadi va uni “kasbiy faoliyati”ga baho berishga undadi.