2017—2022-yillarda O‘zbekistonda faoliyat yuritgan korxona va tashkilotlar demografiyasi tahlil qilindi. Bu haqda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) xabar berdi.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda mamlakatdagi jami korxona va tashkilotlar soni (fermer va dehqon xo‘jaliklarisiz) 592,4 mingtani tashkil etgan. Bu 2017-yildagiga nisbatan 2,1 marotaba ko‘p demakdir.
Tadbirkorlik subyektlari sonining eng ko‘p o‘sishi Navoiy (2,7 marotaba), Samarqand (2,6 marotaba), Qashqadaryo (2,3 marotaba), Surxondaryo (2,3 marotaba), Buxoro va Jizzax viloyatlari (2,2 marotaba) da kuzatilgan.
Iqtisodiy faoliyat turi bo‘yicha tahlil savdo-sotiq (2,9 marotaba), qishloq xo‘jaligi (2,6 marotaba), yashash va ovqatlanish (2,1 marotaba) hamda sanoat (2 marotaba) kabi tarmoqlarda korxonalar soni jadallik bilan o‘sganligini ko‘rsatdi.
Shuningdek, axborot texnologiyalari (1,9 marotaba) va tibbiy xizmatlar (2 marotaba) sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi korxonalar sonining o‘sishi iqtisodiyotda ro‘y berayotgan ijobiy tarkibiy o‘zgarishlardan dalolat beradi.