O‘zbekiston 2022-yilda jahondagi sarxil olxo‘ri eksportyorlari reytingida to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda EastFruit xabar bermoqda.
O‘tgan yilgi mavsum davomida O‘zbekiston rekord darajadagi 48,4 ming tonna sarxil olxo‘ri eksport qilishga muvaffaq bo‘lgan.
Bahorgi ayozlar tufayli qator hosilsiz yillardan so‘ng 2022-yili O‘zbekistonda olxo‘ri yaxshi hosil berdi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda ushbu mahsulotning arzonligi uning eksporti hajmini keskin oshishida muhim omil bo‘ldi.
EastFruit’ning narxlar monitoringi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilning iyun—iyul oylarida sarxil olxo‘rining ulgurji narxlari 2021-yilgi darajadan ikki barobar past bo‘lgan. 2022-yilning 5-avgustiga borib, narxlar 2021-yilning shu sanasiga nisbatan to‘rt barobar past edi.
Bunday narx takliflari tufayli O‘zbekistondan Qozog‘iston va Rossiyaga sarxil olxo‘ri eksportini keskin oshirish imkoni yuzaga keldi. O‘zbekistondan olxo‘ri eksportining deyarli 96 foizi ushbu ikki mamlakat hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Umuman olganda, O‘zbekistondan sarxil olxo‘rining deyarli barcha hajmi jahonning atigi 5 mamlakatiga yetkazib berilgan. Taqqoslash uchun aytadigan bo‘lsak, Chili jahonning 44 mamlakatiga sarxil olxo‘rini katta hajmda eksport qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-yilda Chili sarxil olxo‘ri eksporti bo‘yicha o‘zining 2019-yildan beri saqlanib turgan jahon rekordini yangiladi.
2022-yilda chililik eksportyorlar tashqi bozorlarga 158 ming tonna va umumiy qiymati 235 million dollarlik sarxil olxo‘ri yetkazib bergan.
Hajm bo‘yicha eksport o‘tgan yil davomida 33 foizga oshdi va bu 2019-yildagi rekorddan 3 ming tonnaga ko‘pdir.
Shunday qilib, Chili sarxil olxo‘ri eksporti bo‘yicha jahondagi yetakchiligini mustahkamlab oldi. Janubiy Afrika va Ispaniya hozirgi kunda liderdan deyarli 60 ming tonnaga ortda qolmoqda.