O‘zbekistonda 2023-yil yanvar oyidagi faoliyat yuritayotgan korxonalar va savdo belgilari muhofazasi bo‘yicha biznes faolligi baholandi. Bu haqda “Daryo”ga Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar berdi.
Faoliyat yuritayotgan korxonalar bo‘yicha komponent 2023-yil yanvar oyida 0,9713 birlikni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 2,9 foizga kamayganligini ko‘rsatadi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa ijobiy o‘zgarib, 9,1 foizga oshgan.
2023-yil yanvar oyida barcha turdagi faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 2022-yilning dekabr oyiga (636 734 birlik) nisbatan 23 343 taga kamayib, 613 391 birlikni tashkil etgan.
Yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi korxonalar soni 27 taga kamaygan.
Hisobot davrida, kichik korxonalar soni 523 556 tadan 503 804 tagacha kamaygan (pasayish 19 752 ta).
Fermer xo‘jaliklari soni 109 512 tadan 105 948 tagacha (kamayish 3 564 ta) kamaygan. Yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan subyektlar soni 3 639 tani tashkil etib, 2022-yilning dekabr oyiga nisbatan 27 taga kamaygan.
Brendlarni ro‘yxatga olish
2023-yil yanvar oyida savdo belgilari muhofazasi bo‘yicha biznes faolligi indeksi 1,7452 birlikni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich 2022-yilning dekabr oyiga nisbatan 74,5 foizga oshgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar oyida yuridik shaxslar tomonidan 363 ta tovar belgilari va tovar nomlari ro‘yxatga olingan.