O‘zbekistonda 2023-yil yanvar oyidagi banklararo to‘lov operatsiyalari va Tovar-xom ashyo birjasidagi faollik tahlil qilindi. Bu haqda “Daryo”ga Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar berdi.
Bank hisob varaqalari bo‘yicha operatsiyalar
2023-yil yanvar oyida banklararo to‘lov operatsiyalari soni 4,7 millionni tashkil etdi va 2022-yilning dekabr oyiga nisbatan 1,6 mln tranzaksiyaga (26,3 foiz) kamaygan.
Banklararo to‘lov operatsiyalari soni barcha hududlarda kamaygan.
2023-yil yanvarda mamlakatning barcha hududlarida yuridik shaxslar o‘rtasidagi bank operatsiyalari soni o‘tgan oyga nisbatan kamaygan. Xususan, sezilarli darajadagi kamayish Namangan (-32,4 foiz), Qashqadaryo (-31,2 foiz), Navoiy (-30,2 foiz), Farg‘ona (-29,6 foiz), Surxondaryo (-29,4 foiz), va Xorazm (-28,4 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.
Tovar-xom ashyo birjasidagi faollik
2023-yilning yanvar oyida IFIning birja komponenti 1,1923 birlikni tashkil etdi. Bu esa, ushbu komponentning o‘tgan oyga nisbatan 19,2 foizga oshganligini anglatib, har bir bitim bo‘yicha sotib olingan tovarlar o‘rtacha hajmining 19,9 foizga va bitimlar sonining 18,5 foizga oshganligi bilan izohlanadi.
Tovar-xom ashyo birjasida tovarlar savdosi umumiy aylanmasi hajmi 2023-yil yanvar oyida 6,2 trln so‘mni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan 9,1 foizga kamaygan.