“Daryo” nashri 3-martda O‘zbekiston va jahonda sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni e‘tiboringizga havola etadi.
Xersonda topilgan qiynoq qamoqxonalarida kimlar qanday jazolangan?
Ukrainaning Xerson shahrida okkupatsiya davrida Rossiya tomonidan moliyalashtirilgan 20 ta qiynoq qamoqxonalari tashkil etilgan. Bu haqda Ukrainadagi harbiy jinoyatlarni tergov qilayotgan xalqaro advokatlar guruhi ma’lum qildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu qamoqxonalardan o‘tgan mingdan ortiq mahalliy aholidan ko‘rsatmalar olingan. “Rossiya davlati tomonidan moliyalashtiriladigan ommaviy qiynoq kameralari tasodifiy emas, balki Ukrainaning milliy va madaniy o‘ziga xosligini yo‘q qilishga mo‘ljallangan aniq rejaning bir qismi”, — deydi guruh rahbari britaniyalik huquqshunos Ueyn Jordash Guardian nashriga.
Qiynoq kameralarida odamlarni kaltaklashgan, elektr toki bilan qiynashgan, boshlarini suvga solib, nafas olishiga yo‘l qo‘yishmagan, deydi advokatlar. Qo‘lga olinganlar rossiyaparast shiorlar, she’r va qo‘shiqlarni o‘rganishga va o‘qishga majburlangan.
Qamoqxonalarga, birinchi navbatda, Ukraina davlat organlari yoki fuqarolik jamiyati bilan aloqador odamlar — faollar, jurnalistlar, davlat xizmatchilari va o‘qituvchilar tushgan. Ba’zi odamlar ko‘chada, telefonlaridan “ukrainaparast” materiallar topilgani uchun hibsga olingan.
Xerson 2022-yil 2-martdan 11-noyabrgacha sakkiz oy davomida Rossiya istilosi ostida edi. Bu vaqt ichida shaharning 400 ga yaqin aholisi bedarak yo‘qolgan.
Xitoyning AQSH ga noroziligi oshmoqda, Tayvan mudofaasi qonuni hamon amalda
Xitoy AQSHning Tayvanga qurol jo‘natish qaroridan norozi va ushbu pozitsiyasini Vashingtonga bildirdi. Bu Xitoy Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Tan Kefey brifingda ma'lum qildi.
Eslatib o'tamiz, 28-fevral kuni AQSH Tayvanga 619 million dollarlik qurol-yarog‘ yetkazib berishni maʼqullagan edi.
“Biz Qo‘shma Shtatlardan Tayvan bilan harbiy aloqalarni va Tayvanga qurol sotishni to‘xtatishni, Tayvan masalasiga aralashib, bo‘g‘ozdagi keskinlikni kuchaytirishni bas qilishni talab qilamiz”, — degan Tan Kefey.
U Vashingtonni Xitoy—AQSH kelishuvlari va “yagona Xitoy” tamoyilini buzganlikda ayblamoqda.
Hozirgi mojarolar, xabaringiz bor AQSH Kongressi Vakillar Palatasi Nensi Pelosining avgust oyida orolga tashrifidan keyin keskinlashgan.
Qo‘shma Shtatlar Pelosining kelishi “yagona Xitoy” tamoyiliga zid emasligini ta'kidlagan. Shu bilan birga, Tayvan xavfsizligiga tashqi tahdidlar yuzaga kelgan taqdirda, Vashington uni qurol-yarog‘ bilan ta’minlashi haqidagi qonun amalda.
Osiyo va g‘arbni avtomobillari bilan egallashga urinayotgan Xitoy UzAuto bilan hamkorlik qiladi
Global Voices portalida O‘zbekiston monopoliyasi nihoyat tugashi mumkinligi haqida maqola chiqdi. “Daryo” buni e’tiboringizga havola qiladi.
Xitoyning jahon avtomobilsozlik sanoatidagi ta’siri jadal sur’atlarda o‘smoqda, O‘zbekiston ushbu tendensiyani boshdan kechirgan so‘nggi davlatlardan biri bo‘lib, “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusining eng yorqin muvaffaqiyatlaridan bo‘lishi mumkin.
Xitoy global avtomobil eksport bozorida dominantlikka da'vogarligini, 2022-yilda Germaniyani ortda qoldirib, hajmi bo‘yicha dunyodagi ikkinchi yirik avtomobil eksportchisiga aylangani ham tasdiqlaydi.
Xitoy kompaniyalarining strategik bozorlaridan biri O‘zbekiston hisoblanadi. Yaqinda O‘zbekistonning “O‘zavtosanoat” davlat kompaniyasi Xitoyning BYD Auto kompaniyasi bilan mahalliy sharoitda avtomobillar ishlab chiqarish, dvigatellar, elektromotorlar va akkumulyatorlar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikni e’lon qildi.
Pekin tobora jahon avtomobil sanoatida o‘z qamrovini kengaytirishda davom etar ekan, “O‘zavtosanoat” bilan hamkorlik kabi kelishuvlar yana kengayishi mumkin.
O‘zbekistonda noqonuniy talon-torojliklar endilikda o‘g‘rilik deb belgilanmoqda
Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud ularni hisobga olish asboblari va plombalariga qasddan shikast yetkazish, shuningdek, ushbu qilmishlarni kommunal xizmati tashkilotlarining mansabdor shaxslari yoki xodimlari bilan til biriktirib, sodir etilgan jinoyat holatlari endilikda o‘g‘rilik jinoyati deb baholanadi.
Shu bilan birga, Jinoyat kodeksiga “tijorat maqsadi” tushunchasi kiritilib, jismoniy va yuridik shaxslarning muayyan faoliyatida foyda, daromad olish, naf ko‘rishga qaratilgan maqsad ekani belgilanmoqda.
Endilikda yuqoridagi masalalarga oid vakolatlar sudlardan chiqarilib, “O‘zenergoinspeksiya” va uning hududiy boshqarmalariga o‘tkaziladi