AQSH regulyatori Ilon Maskning miya chiplarini ishlab chiqaradigan Neuralink kompaniyasiga odamlarda sinov olib borishni taqiqladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Regulyator miya chiplarini odamlarga qo‘ygandan keyin uni olishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlardan qo‘rqmoqda. Neuralink kompaniyasi 2016-yildan beri implantatsiya qilinadigan qurilmalarni ishlab chiqmoqda, Maskning aytishicha, ular gormonlarni nazorat qilish, depressiyaga qarshi kurashish va hatto miyani yanada samarali ishlashiga yordam beradi. Biroq regulyator ularni odamlarga implantatsiya qilish yetarlicha xavfsiz emas deb hisoblaydi va quyidagi sabablarni keltirib o‘tadi:
- chipning lityum batareyaligi;
- implant simlarining miyaning boshqa joylariga ta’sir qilishi ehtimoli;
- miyadan chipni xavfsiz olib tashlash jarayoni
Shu bilan birga chiplash bekor qilinmagan, faqat keyinga qoldirilgan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH sanitariya nazorati birinchi urinishda odamlarni sinovdan o‘tkazish uchun arizalarning o‘rtacha 66 foizini, ikkinchisida esa 85 foiz hollarda ma’qullaydi.
Neuralink’ning ismini oshkor etmagan uch nafar xodimi Mask “jar solgan” muddatga qaramay, kompaniya barcha muammolarni tezda hal qila olishiga shubha bildirdi. 2022-yil noyabr oyi oxirida Mask startap “olti oydan so‘ng” odamlarda sinovlarni boshlashini aytgandi, biroq u 2019-yildan beri shunday va’dalar berib kelmoqda, deya eslatadi Reuters.
Ma’lumot o‘rnida, AQSH Transport departamenti Ilon Maskning miya chiplari ishlab chiqaruvchi Neuralink kompaniyasiga nisbatan tekshiruv boshlagandi. Neuralink kompaniyasi apparatlarni noto‘g‘ri qadoqlagani va tashigani, bu esa insonlar uchun xavfli bo‘lgan patogenlarni keltirib chiqargani aytilgan. Uskunalarda gerpes B virusi va antibiotiklarga chidamli patogenlar, jumladan stafilokokk va klebsiyella bo‘lishi mumkin. Transport vazirligi tergov “standart amaliyot" ekani va u jamoat xavfsizligini ta’minlash uchun o‘tkazilayotganini ta’kidlagan.
Nueralink qanday kompaniya?
Neuralink tashqi qurilmalarni fikr kuchi bilan boshqarishga yordam beradigan mikrochip ishlab chiqmoqda. U falaj odamlarning miyasiga o‘rnatilganda ularga turli harakatlarni bajarishga yordam berishi kerak. Kompaniya hayvonlar ustida ko‘plab tajribalar o‘tkazgan. Neuralink dekabr oyida hayvonlarga nisbatan shafqatsizlikda ayblangan, unga qarshi tergovni boshlangandi.