Hindiston politsiyasi O‘zbekistonda 19 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan “Dok-1 Maks” siropini ishalb chiqargan Marion Biotech farmasevtika kompaniyasining uch xodimini hibsga oldi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Hibsga olish Hindiston hukumati laboratoriyasi tomonidan o‘tkazilgan sinovlar natijasida Marion Biotech Pvt. Ltd (Uttar-Pradesh, Hindiston) kompaniyasining 22 ta dori namunasi “buzilgan va qalbaki” ekani aniqlanganidan so‘ng amalga oshgan.Marion kompaniyasining operatsiyalar bo‘limi boshlig‘i va ikki kimyogari dekabrda kompaniyani uch marta va yanvarda bir marta tekshirgan Markaziy dorilarni standart nazorat qilish tashkiloti (CDSCO) inspektori shikoyati asosida hibsga olgan.
“Qalbaki dori vositalari jamiyatga jiddiy zarar yetkazishi mumkin va ular bilan bog‘liq ma’lumotlar, yozuvlar yo‘q qilinishi mumkinligi gumon qilinmoqda”, — deydi CDSCO’ning dorilar inspektori Ashish Kaundal o‘z shikoyatida.
Politsiyaning yuqori martabali zobiti Marion’ning ikki nafar direktori “mamlakatdan tashqarida va ular Hindistonga qo‘nishi bilanoq hibsga olinishini ma'lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Hindistonda ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilish ortidan hozircha Samarqandda 18 nafar, Qashqadaryoda bir nafar, jami 19 nafar bola vafot etgani ma’lum qilingan.
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan “Dok-1 Maks” preparati bilan bog‘liq holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. O‘zbekistonda “Dok-1 Maks”ni ishlab chiqargan kompaniyaga tegishli barcha dorilar savdosi vaqtincha to‘xtatildi.
Shavkat Mirziyoyev 30-dekabrdagi yig‘ilishda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rahbari Sardor Kariyev ishdan oldi. Sardor Kariyev 2019-yilning fevralidan buyon Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.
JSST O‘zbekistonda “Dok-1 Maks” dorisidan bolalar o‘lgani yuzasidan munosabat bildirgan. Hindiston hukumati esa “Dok-1 Maks” dorisini ishlab chiqaruvchi kompaniyaning litsenziyasini to‘xtatgan. Hindistonda “Dok-1 Maks” dorisini ishlab chiqargan zavod ustidan tekshiruvning dastlabki natijalari e’lon qilingan.
Sirop bilan bog‘liq o‘lim holati boshqa davlatlarda ham aniqlangani ma’lum bo‘ldi, biroq ular aynan qaysi preparatlar oqibatida ekani aytilmagan. Jumladan, Indoneziyada 2022-yildan beri 200 ga yaqin bola sirop iste’mol qilishi ortidan yuzaga kelgan o‘tkir buyrak shikastlanishidan vafot etgan. Gambiyada ham bolalar Hindiston farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan yo‘talga qarshi siropni iste’mol qilishi ortidan o‘lgan.