Eron prezidenti Ibrohim Raisiy mamlakat bo‘ylab yuzlab o‘quvchi qizlarning zaharlanishida Tehron dushmanlarini aybladi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Hozirgacha kamida to‘rtta shahardagi 30 dan ortiq maktabda noaniq zaharlanish holatlari aniqlangan va bu ba’zi ota-onalarning farzandlarini maktabdan olib ketishga majbur qilgan. Eron sog‘liqni saqlash vazirining aytishicha, turli maktablarda o‘qiyotgan yuzlab qizlar zaharlangan. Ba’zi siyosatchilar qizlarning ta’lim olishiga qarshi bo‘lgan diniy guruhlar tomonidan nishonga olingan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Eron prezidenti holat yuzasidan mamlakat dushmanlarini aybladi.
“Bu mamlakatda tartibsizlikni keltirib chiqaradigan xavfsizlik loyihasi bo‘lib, bu orqali ota-onalar va o‘quvchilar o‘rtasida qo‘rquv va ishonchsizlik uyg‘otish kuchaytirilgan”, — dedi u.
Raisiy bu dushmanlar kimligini aytmadi, Eron rahbarlari odatda AQSH va Isroilni mamlakatga qarshi harakat ayblaydi.
The Guardian nashrining yozishicha, Eronda 2022-yilning kuzida hukumatga qarshi bo‘lib o‘tgan namoyishlarda qatnashgan o‘quvchi qizlarning zaharlanishi bo‘yicha tergov boshlandi. Zaharlanish holatlarini davolashga ixtisoslashgan shifokor mavjud dalillarni hisobga olgan holda, “bu zaharlanishning eng ko‘p ehtimoliy sababi kuchsiz fosfororganik modda bo‘lishi mumkin”ligini aytgan.
Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, zaharlanish sababi “mamlakat ichidagi va tashqarisidagi ekstremistik guruhlar yordamida namoyishchilarni qo‘rqitish” istagi bo‘lgan. “Ular yaqinda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlarida faol ishtirok etgan o‘quvchi qizlardan o‘ch olmoqchi”, — deya tushuntirgan u.