“Tolibon” harakati yetakchisi mulla Haybatulla Oxundzoda Afg‘oniston muvaqqat hukumatini tanqid qilib, ularni “savdogarlar” deb atadi. Bu haqda Hasht-e Subh Daily xabar berdi.
Oxundzodaning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audioyozuvida “Tolibon” hukumati tanqid ostiga olinib, “bu hukumat emas, tranzaksiya” ekani ta’kidlangan. “Tolibon” rahbari hukumatning bunday savdolashuvi musulmonlar uchun emas, balki bir qancha odamlar manfaatini ko‘zlab, amalga oshirilayotganini aytgan. U “hukumat” ichida xavfsizlik bo‘lishi zarurligini aytib, “ustunlikka intilish ishonchsizlikka olib kelishini” bildirgan va shariat qonunlarini amalga oshirishga chaqirgan.
“Agar uyingizda shariat qonuni bo‘lmasa, qanday qilib mamlakatda shariat qonunlarini qo‘llashga da’vo qila olasiz?”, degan u. Oxundzoda o‘z nutqining bir qismida ular hozirda millatga mas’ul ekanini qo‘shimcha qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, “Tolibon” hukumatida ayollarning ta’lim olishini taqiqlash borasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Afg‘oniston muvaqqat hukumati “Tolibon”ning amaldagi yetakchisi Haybatulla Oxundzoda nomiga cheklovlarni bekor qilish talabi bilan xat yo‘llagan. Oxundzoda esa maktubga quyidagicha javob qaytargan:
“Agar shariat bo‘yicha 12 yoshdan oshgan qizlar uydan yolg‘iz chiqib ketishi mumkinligini isbotlasangiz, ayollarga o‘qishga ruxsat beraman”, — degan u.
Afg‘onistonda “Tolibon” hokimiyatga kelganidan so‘ng ko‘plab qizlarning maktabga borishini taqiqlagan, 2022-yil dekabrida esa Oliy ta’lim vazirligi ayollarning oliy ma’lumot olishiga taqiq joriy qilgan. Bu qaror “Tolibon” hukumati orasida norozilikka sabab bo‘lgan, qarshilik shu darajada jiddiylashganki “Tolibon”ning yuqori martabali amaldorlari Oxundzodani taxtdan ag‘darishni ko‘rib chiqmoqda.