Rossiyaning beshta hududida mamlakat tarkibidan chiqish uchun onlayn referendum o‘tkazildi. Bu haqda UNIAN xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur referendum Rossiyaning turli hududlaridan kelgan tashabbuskor guruhlar tomonidan o‘tkazilgan. Ovoz berish 16-28 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan, unda 5,6 million kishi ishtirok etgan. Ular Kenigsberg (Kaliningrad va viloyat), Ingriya (Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati), Kuban (Krasnodar o‘lkasi), Sibir va Uralning mustaqilligi uchun ovoz bergan. Referendum natijalari esa quyidagicha:
- Kenigsberg: 72,1 foiz Moskvadan mustaqil bo‘lish uchun, 27,9 foiz qarshi;
- Ingriya: 66,2 foiz mustaqillik uchun, 33,8 foiz qarshi;
- Kuban: 55,7 foiz mustaqillik uchun, 44,3 foiz qarshi;
- Sibir: 63,9 foiz mustaqillik uchun, 36,1 foiz qarshi;
- Ural: 68,2 foiz mustaqillik uchun, 31,8 foiz qarshi.
“Onlayn referendumlar natijasi ikkita muhim tendensiyani ko‘rsatdi. Birinchidan, hududlarning mustaqillikka intilishi ’Rossiya imperiyasi’ hududida yashovchi xalqlar jamiyatida ildiz otdi. Ikkinchidan, Rossiya hukumati bizdan, erkin fuqarolardan va irodamiz natijasidan qo‘rqadi”, — deydi referendum tashkilotchilari.
Avvalroq tashqi siyosiy ekspertlar Rossiya 2033-yilgacha muvaffaqiyatsiz davlatga aylanishi yoki parchalanishini ma’lum qilgandi. Atlantika Kengashi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda 167 ekspertning 46 foizi Rossiya yaqin 10 yil ichida qulashi yoki parchalanishi mumkinligini aytdi. Mutaxassislarning 40 foizi Rossiyani bir qator sabablarga ko‘ra, xususan, “inqilob, fuqarolar urushi yoki siyosiy parchalanish” tufayli parchalanishini ilgari surdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘arbning Rossiyani bo‘lib tashlash “rejasi” haqida gapirgandi. Putin bunga ishora qiluvchi hujjatli dalillar borligini aytib, Moskva G‘arbning siyosatiga to‘sqinlik qilmaganida, Rossiya xalqlarining taqdiri sezilarli darajada o‘zgargan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.