Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Rahmonov LLK-International mutasaddilari bilan uchrashdi, deb xabar beradi poytaxt hokimligi matbuot xizmati. Uchrashuvda “Avtomobil yo‘llari ilmiy-tadqiqot instituti” mutasaddilari, yo‘l qurilishi va loyihalashga masʼul bo‘lgan tashkilotlar rahbarlari ishtirok etgan.
Qayd etilishicha, o‘zaro muloqotda poytaxtdagi yo‘llarni sifatli taʼmirlash masalasi ko‘rib chiqilgan. Baxtiyor Rahmonov poytaxt ko‘chalari haqida maʼlumot berib, O‘zbekiston iqlimi keskin kontinental bo‘lgani bois yo‘llarda bajarilayotgan taʼmirlash ishlari sifatini hamda xizmat qilish muddatini bir necha barobar oshirish muhimligini taʼkidlagan.
LLK-International mutasaddilari hozirda ular tomonidan yo‘l qurilishi va taʼmirlashda qo‘llanilayotgan mahsulot va texnologiyalar haqida atroflicha maʼlumot berib, bajarilgan ishning kafolati 7-10 yil, hatto undan ortiq ham bo‘lishi mumkinligiga eʼtibor qaratgan. Shuningdek, ular ish jarayonida har bir obyekt uchun alohida yechim qo‘llashlari va 20 daraja sovuqdan 76 daraja issiqqacha bo‘lgan iqlim sharoitlariga mos keluvchi takliflari borligini aytib o‘tgan.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashilgan.
Maʼlumot uchun, LLK-International (“Lukoyl” guruhining 100 foizli sho‘ba korxonasi) moylar, moylash materiallari va boshqa texnik suyuqliklarni ishlab chiqaruvchi korxonasi hisoblanadi.
Izoh (0)