O‘zbekiston prezidentining “Sement-beton qoplamali avtomobil yo‘llari tarmog‘ini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi.
Mazkur hujjat bilan 2022-yilda sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash ishlari klaster usulida amalga oshirilishi belgilangan. Bunda:
- manzilli ro‘yxatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan sektorlar rahbarlarining joylarda jamoatchilik fikri va talabini inobatga olgan holda bildirgan takliflari asosida shakllantiriladi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi;
- loyiha tashkilotlarini jalb etish, mas’ul tashkilotlar bilan texnik shartlarni kelishish, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ularni davlat ekspertizasidan o‘tkazishni tashkil etish ishlari buyurtmachi tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi;
- ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari hamda shakllantirilgan narxlar “Shaffof qurilish” elektron platformasi orqali davlat ekspertizasidan o‘tkaziladi;
- klaster usulida sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish ishlarini amalga oshiruvchi bosh pudratchi tashkilot eng yaxshi takliflarni tanlab olish orqali aniqlanadi.
12-may kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘zyo‘linspeksiya” axborot xizmati rahbari Komiljon Shamsiddinov inspeksiya tomonidan 2022-yilning yanvar—aprel oylari davomida yo‘l qurilishi sohasida 3 mingdan ortiq qonunbuzarlik holati aniqlanganini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)