Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi 2022-yilgi mudofaa bo‘yicha Oq kitobida Shimoliy Koreya rejimi va harbiy kuchlarini so‘nggi olti yil ichida birinchi marta “dushman” deb atadi. Bu haqda Yonhap agentligi masaladan xabardor odamlarga tayanib yozmoqda.
![](/static/Dunyo/704ddf8ecd52d85ba0fed925ef892d48.jpeg)
“Chunki Shimol hukmron partiya Markaziy qo‘mitasining 2022-yil dekabrida bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida bizni ‘shubhasiz dushman’ deb belgilagan va o‘z yadroviy dasturidan voz kechmagan holda harbiy tahdid tug‘dirishda davom etmoqda, Shimoliy Koreya rejimi va harbiylari — bu tahdid ijrochilari — bizning dushmanlarimizdir”, — deya hujjatdan iqtibos keltirgan agentlik.
Oq kitobda Yaponiya 2018-yildan beri birinchi marta “yaqin qo‘shni” nomini oldi.
“Koreya Respublikasi va Yaponiya qadriyatlarni birlashtirmoqda. Yaponiya yaqin qo‘shni davlat bo‘lib, Koreya u bilan umumiy manfaatlarga xizmat qiluvchi kelajakdagi munosabatlarni o‘rnatish uchun hamkorlik qilishi kerak”, — deyiladi hujjatda.
Shimoliy Koreya armiyasi birinchi marta 1995-yilda Janubiy Koreya mudofaa siyosati hujjatida “dushman” deb belgilangandi — bunga Pxenyan hukumati vakilining Seulni “alanga dengizi”ga aylantirish bilan tahdid qilgani sabab bo‘lgan.
2004-yilgi versiyada “dushman” iborasi, murosa fonida “to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy tahdid” bilan almashtirildi.
Shimoliy Koreyaga nisbatan “dushman” nomi 2010-yilda Oq kitobga qaytdi va 2016-yilgacha saqlanib qoldi.
Keyinchalik 2018 va 2020-yillarda Shimol bilan yarashishga intilgan prezident Mun Chje In davrida bu nom rasmiy qaydlardan olib tashlandi.
Oq kitob Janubiy Koreya Milliy Mudofaa vazirligining rasmiy hujjatidir. U har ikki yilda bir marta nashr etiladi va mamlakatning harbiy siyosati haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Izoh (0)