Bryusselda joylashgan Bruegel tadqiqot tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, Yevropa davlatlari rasmiylari aholi va korxonalarni elektr energiyasi narxining keskin oshishidan himoya qilish uchun 792 milliard yevro ajratgan.
Noyabr oyida e’lon qilingan avvalgi hisobot bilan solishtirganda, bu miqdor 86 milliard yevroga oshgan.
Hisobotda ta’kidlanganidek, umumiy summaning 268,1 milliard yevrosi faqatgina Germaniyaga to‘g‘ri keladi, ajratilgan mablag‘lar miqdori bo‘yicha Yevropaning boshqa hech bir davlati bilan solishtirib bo‘lmaydi.
Bu reytingda barcha Yevropa davlatlari orasida ikkinchi o‘rinda Buyuk Britaniya (103,3 milliard yevro) joylashgan. Keyingi o‘rinlarda Italiya (99,3 milliard yevro) va Fransiya (92,1 milliard yevro). Aksariyat Yevropa davlatlarining xarajatlari 10 milliard yevrodan oshmaydi.
Shu bilan birga, yalpi ichki mahsulotdan ajratilgan mablag‘lar ulushi bo‘yicha Slovakiya birinchi o‘rinda turadi, u aholi va korxonalarni elektr energiyasining yuqori narxlaridan himoya qilishga YIMning 9,3 foizini sarflaydi. Germaniya bu ehtiyojlar uchun yalpi ichki mahsulotning 7,5 foiziga teng miqdorda mablag‘ ajratdi.
Yevropa hukumatlari ushbu mablag‘larning aksariyatini to‘g‘ridan to‘g‘ri iste’mol narxlarini ushlab turishga yo‘naltirgan.
Bunga asosan yonilg‘i uchun QQSni pasaytirish yoki elektr energiyasi tariflarini sun’iy ravishda cheklash orqali erishildi.
Izoh (0)