AQSH Harbiy-havo kuchlarining F-16 qiruvchisi Kanada bilan chegaradagi Guron ko‘li ustida noma’lum uchar obyektni urib tushirdi, deb xabar bermoqda The New York Times.
Pentagon maʼlumotlariga ko‘ra, uchar apparatni birinchi marta 11-fevral, shanba kuni Montana shtati osmonida payqashgan. Yakshanba kuni u Viskonsin va Michiganda kuzatilgan. Obyekt Guron ko‘lidan taxminan olti ming metr balandlikda payti Jo Baydenning buyrug‘i bilan urib tushirildi. AQSH rasmiylariga ko‘ra, obyekt sakkiz burchakli tuzilma bo‘lib, fuqaro aviatsiyasi uchun potensial xavf tug‘dirgan.
Bu fevral oyining boshidan beri AQSH va Kanada osmonida urib tushirilgan to‘rtinchi obyekt. 4-fevral kuni AQSH harbiylari Atlantika okeani uzra Xitoyga tegishli “tadqiqot” sharini urib tushirdi. AQSH Davlat departamenti shar elektron razvedka uskunalari bilan jihozlangani va Xitoy razvedka dasturining bir qismi ekanini da’vo qildi.
10-fevral kuni Alyaska osmonida noma’lum obyekt urib tushirildi, ertasi kuni Kanada havo hududida ham yana bir shunday obyekt urib tushirildi. Shimoliy Amerika havo hujumidan mudofaa qo‘mondonligi rahbari, amerikalik general Glen van Xerk jurnalistlarga Shimoliy Amerika osmonida urib tushirilgan jismlar Yer atmosferasiga tashqaridan kelib qolgani ehtimolini istisno qilmasligini aytdi. Biroq, keyinchalik AQSH prezidenti ma’muriyati bunday fikrlarni rad etdi.
Izoh (0)