Samarqand viloyati Jomboy tumanida kanal bo‘yini ta’mirlashga ajratilgan pullar talon-toroj qilindi. Bu haqda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, holat Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Jomboy tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlandi. "M.Y.” MCHJ rahbari tuman Irrigatsiya bo‘limi mas’ul shaxslari bilan o‘zaro til biriktirgan. Ular Irrigatsiya bo‘limi balansidagi kanallarni joriy ta’mirlash va tozalashda haqiqatda bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish orqali soxta hujjatlarni rasmiylashtirib, jami 1,4 milliard so‘mni o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)