Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov 9-fevral kuni Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyarto bilan uchrashdi.
Suhbat davomida TIV huzuridagi Sanoat parklarini rivojlantirish Milliy agentligi bilan birgalikda O‘zbekistonda Vengriya kompaniyalari uchun alohida sanoat zonasini tashkil etish choralarini ko‘rishga kelishib olindi.
Uchrashuvda tomonlar ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga o‘zaro sodiqligini bildirdilar va joriy yilning birinchi yarmida Budapesht shahrida Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston—Vengriya hukumatlararo komissiyasining 8-yig‘ilishini va biznes forumni o‘tkazishga kelishib oldi.
Muloqot chog‘ida ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida haftasiga to‘rttagacha reys tashkil etish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Vengriya OTP bankining O‘zbekiston bozoriga muvaffaqiyatli kirib kelgani yuqori baholandi.
Shuningdek, bank yangi kompaniyalarni jalb qilish va qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish orqali faoliyatini kengaytirishga qiziqayotgani ta’kidlandi.
Izoh (0)