Belarus chegarachilari mamlakatga uchib o‘tayotgan Ukraina dronini tutib oldi. Bu haqda Belarus Davlat chegara qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Bayonotga ko‘ra, 8-fevral kuni Stolin shahrida chegarachilar Ukrainadan Belarusga uchib o‘tayotgan dronni aniqlagan. Voqea joyida patrullik qilayotgan otryad elektron quroldan foydalangan va dronni tushirgan.
Belarus chegara qo‘mitasi dronning xotira kartasida saqlangan videoyozuvlarni o‘rganib chiqqanini ta’kidladi. Chegarachilar dron Ukraina hududidan razvedka maqsadida uchirilgani, qurilma “chegarani qo‘riqlashning texnik vositalari”ni o‘rganish uchun yuborilganini aytmoqda. Politsiya voqea yuzasidan surishtiruv ishlarini boshlagan.
Ta’kidlanishicha, chegarachilar Autel EVO II fuqarolik kvadrokopterini urib tushirgan — bunday drondan Qurolli kuchlar, Ukraina Xavfsizlik xizmati va Davlat chegarasi xizmati foydalanadi. Bunday modellarning parvoz masofasi 25 kilometrdan oshmaydi.
2022-yil 29-dekabr kuni Belarus hududiga Ukrainadan S-300 kompleksining raketasi qulab tushgandi. Belarus o‘z hududiga raketa kelib tushishi Ukraina provokatsiyasi bo‘lishi mumkinligini aytgandi. Kreml Ukraina raketasining Belarusda qulashiga munosabat bildirgan. Ukraina Mudofaa vazirligi raketa qulashi holatlarini chuqur o‘rganish uchun mustaqil ekspertlarni Belarus yuborishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.
Izoh (0)