Toshkentda 12 yoshli qizning murdasi zo‘rlik va qotillik alomatlari bilan topilgandi. Voqeaga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiyev munosabat bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, voqeaning xronologiyasiga qaralsa, vaziyat ta’lim va tarbiyaga mas’ullar, ya’ni, ota-ona hamda ta’lim tashkiloti vakillariga jiddiy e’tirozlar uyg‘onadi.
“Biz bolaga begona kishilar bilan qanday muomala qilishni o‘rgatishimiz kerak. Bu haqda uyda, maktabda aytilishi, uqtirilishi kerak. Aks holda pedofillar qo‘lga tushmaslik uchun o‘z nishonini o‘ldirishda, xo‘rlashda, qiynashda davom etadi”, — deydi deputat.
Odiljon Tojiyev qonunchilikda aybdorni jazolash choralarini yanayam kuchaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgarishlar kerakligini aytdi. U faqatgina bitta shu normaga e’tibor qaratish bilan cheklanmay, boshqa qonunlar, xususan, ta’lim-tarbiyaga oid qonun va qonunosti hujjatlarni kompleks qayta ko‘rib chiqish tarafdori.
“Millatimizga isnod, bir ota-onaga bir umrlik o‘chmas dog‘, alamli iztirob bo‘lib qoladigan voqeaning aybdori kimlar? Qonunchilikda aybdorni jazolash choralarini yanayam kuchaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgarishlar kerakmi? Biz bunga kirishamiz, qonunchilikda belgilangan eng og‘ir jazo turini belgilash bo‘yicha ishlaymiz. Bu haqda gap-so‘z bo‘lishi mumkinmas”, — deydi Qonunchilik palatasi deputati.