Tehrondagi Ozarbayjon elchixonasiga qurolli hujum uyushtirildi, oqibatda diplomatik missiyaning qo‘riqlash xizmati rahbari halok bo‘ldi. Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, yana ikki qo‘riqchi yaralangan.
Vazirlik maʼlumotlariga koʻra, hujum Boku vaqti bilan 8:30 atrofida (Toshkent vaqti bilan 9:30) sodir boʻlgan. Hujumchi Kalashnikov avtomatidan elchixonaning qo‘riqlash postiga qarata o‘q uzgan. Hujum sabablari haqida xabar berilmagan. Voqea yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Keyinroq hujum lahzalari aks etgan video e’lon qilindi. Qayd etilishicha, hujumchi 50 yoshli Eron fuqarosi, u qo‘lga olingan.
2022-yilning oktabr oyida Ozarbayjonning Vashingtondagi elchixonasi xizmat avtomobili o‘qqa tutilgandi. Shuningdek, avgust boshida Ozarbayjonning Londondagi elchixonasiga hujum uyushtirilgan, o‘shanda voqeani sodir etishda diniy radikallar gumon qilingandi. Ular bino balkoniga chiqib, diniy bayroqni o‘rnatgan va shiorlarni baralla aytgan. Politsiya aralashuvidan keyin elchixonaga hujum qilganlar qo‘lga olingan.
Izoh (0)