Andijon viloyati Asaka tumanidagi gaz zapravkada IIB xodimi fuqaroga kuch ishlatayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Viloyat IIB holatga oydinlik kiritdi.
Ma’lum qilinishicha, 19-yanvar kuni avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida navbatda turgan haydovchilar o‘zaro navbat talashib janjallashib, jamoat tartibini buzgan. Shu yerga jamoat tartibini saqlash va tartibbuzarlikni oldini olish maqsadida biriktirilgan Andijon viloyati IIB Patrul-post xizmati xodimi janjalni bartaraf etish maqsadida fuqarolarni tinchlantirishga harakat qilgan.
Biroq janjal sababchilari — 2004-yilda tug‘ilgan O.R. va uning akasi 1997-yilda tug‘ilgan O.J. xodimga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatib, uning qonuniy talablariga bo‘ysunmay faol qarshilik ko‘rsatgan.
Hodisa joyida jamoat tartibi tiklanib, tartibbuzarlarga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgan holda tuman IIBga olib kelingan. Ular bilan tegishli tartibda profilaktik suhbat o‘tkazilgan.
Xabarda aytilishicha, holat yuzasidan voqea ishtirokchilarining, shu jumladan, Ichki ishlar organlari xodimlarining harakatlariga huquqiy baho berilishi ta’minlanadi.
Izoh (0)