Tayvan TASA kosmik agentligining sun’iy yo‘ldosh internet texnologiyalari sohasidagi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha mahalliy va xalqaro investorlar bilan muzokaralar olib bormoqda, deb xabar berdi Financial Times (FT) manbalari. Ularning so‘zlariga ko‘ra, orol rasmiylari Ukrainadagi voqealardan ilhomlanib, SpaceX’ning Starlink sun’iy yo‘ldosh tizimi analogini yaratishni rejalashtirmoqda.
“Biz quyi Yer orbitasidagi sun’iy yo‘ldosh aloqa loyihamizni kompaniyaga aylantirmoqchimiz”, — deya TASA vakilining so‘zlaridan iqtibos keltirdi FT. Tayvanning raqamli texnologiyalar vaziri Odri Tanning ta’kidlashicha, mamlakat rahbariyati Ukrainada Starlink’dan foydalanish amaliyotini muvaffaqiyatli deb hisoblaydi, chunki “keng ko‘lamli ofat paytida” ham ukrainalik rasmiylar va jurnalistlar internetga ulanish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Xususan, Tayvan loyihani moliyalashtirish uchun SpaceX va Tesla bilan ishlagan Amerika venchur fondi Draper Associates’ga uchun murojaat qildi. Draper vakillari vaziyatga izoh berishdan bosh tortdi.
Tan xonim sun’iy yo‘ldosh tizimini ishga tushirish “bir necha yil” vaqt olishini aytdi. U “ijtimoiy barqarorlikni” ta’minlashni loyihaning asosiy maqsadi deb atadi.
2022-yil fevralidan beri Ukraina 22 mingga yaqin Starlink antennalarini oldi. 20-dekabr kuni Ukrainaning raqamli transformatsiyalar vaziri Mixail Fedorov SpaceX yaqin kelajakda mamlakatga yana 10 000 dan ortiq Starlink terminallarini yetkazib berishini ma’lum qildi.
Tayvan va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi 2022-yilning o‘rtalaridan boshlab kuzatilmoqda: 26-dekabr kuni Tayvan Mudofaa vazirligi mamlakat havo mudofaa zonasi Xitoy harbiy samolyotlari tomonidan eng katta ko‘lamda buzilgani haqida xabar berdi. Avvalroq Xitoy rahbari Si Szinpin AQSH prezidenti Jo Baydenga Tayvan masalasi Xitoy—AQSH munosabatlaridagi “qizil chiziq” ekanini aytgandi.
Izoh (0)