Chad inson huquqlari tashkiloti prezidenti, huquq himoyachisi Baradin Berdey Targio boshchiligidagi 11 nafar zobitdan iborat guruh respublikadagi vaziyatni beqarorlashtirishga urindi, ularning harakatlariga chek qo‘yildi, deb xabar bermoqda Reuters.
Chad xavfsizlik xizmati 8-dekabrdan boshlab bir oy davomida fitnaga aloqador shaxslarni hibsga olgan.
“Konstitutsiyaviy tuzumni buzish, jinoiy hamjamiyat yaratish, noqonuniy o‘qotar qurol saqlash va jinoyatga sheriklik moddalari bilan ish qo‘zg‘atilgan”, — deb tushuntirdi Chad aloqa vaziri va hukumat vakili Aziz Mahamat Solih. “Tergov davom etmoqda, hukumat bu ishni yoritish va aybdorlarni aniqlash uchun hamma narsani qilishga kirishgan”.
Chadda prezident Idris Debining vafotidan keyin tuzilgan muvaqqat hukumat ikki yildan beri faoliyat yuritmoqda. Debi 1990-yildan beri hukmronlik qilgan, 2021-yil aprel oyida oltinchi muddatga saylangan, biroq o‘sha oyda isyonchilar bilan jangda olgan jarohatlari tufayli vafot etgan. Shundan so‘ng uning 38 yoshli o‘g‘li Mahamat Idris Debi hokimiyatni qo‘lga oldi va muvaqqat o‘tish hukumatini tuzdi, Chad hukumati va parlamenti tarqatib yuborildi. U o‘tish davri 1,5 yil davom etishini, shundan so‘ng boshqaruv saylangan hukumatga o‘tishini ta’kidlagandi.
Oktabr oyi oxirida, o‘tish davri hukumati tuzilganidan 1,5 yil o‘tib, Chadda namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 50 ga yaqin odam, jumladan o‘n nafar xavfsizlik xodimi halok bo‘lgan. Huquq faollariga ko‘ra, haqiqiy qurbonlar soni ancha yuqori, halok bo‘lganlar orasida qurolsiz tinch fuqarolar ham bor. To‘rt kunlik sud jarayonidan so‘ng 262 kishi to‘qnashuvlardagi ishtiroki uchun 2 yildan 3 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi. O‘tish davri hukumati o‘z mandatini yana ikki yilga uzaytirdi.
Izoh (0)