Odatda xonandalar yangi qo‘shiq ijro etgach, eskisiga bo‘lgan e’tibor sustlashadi. Zamonaviy qo‘shiqlar 3-4 yil o‘tib, unutilayotgani ham sir emas. Ammo shunday qo‘shiqlar borki, ular yillar o‘tsa-da, hamon sevimli. Quyida ana shunday qo‘shiqlar haqida so‘z yuritiladi.
Tohir Sodiqov, “Esingdami seni?”
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Tohir Sodiqov ba’zi xonandalar singari ko‘p qo‘shiq va kliplar yaratmaydi. Ishonasizmi, 32 yildan buyon ijod qilayotgan Tohir Sodiqovning kliplari soni hozirgi xonandalarning kliplar sonidan kam. Xonandaning “Esingdami seni?” deb nomlangan qo‘shig‘i “Bolalar” guruhining 1990-yil yanvar oyida chiqarilgan ilk albomidan o‘rin olgandi. Oradan shuncha yil o‘tgan bo‘lsa-da, qo‘shiq yangidan yangi tinglovchilarini topmoqda.
Dildora Niyozova, “Ishonma”
2000-yilda ijodini boshlagan Dildora Niyozova ko‘p o‘tmay kutilmagan mashhurlikka erishgan. Xonandaning “Ishonma” nomli hazil qo‘shig‘i xalq orasida tanilishiga yaxshigina xizmat qilgan. Qo‘shiqni undan avval xorazmlik erkak xonanda ijro etgan, ammo u Dildora Niyozovaga omad keltirgan.— Qo‘shiqni ijro etganimga 18 yil bo‘ldi. Ammo haligacha navbatchi to‘ylarda kamida 5-6 marta ijro etishimni so‘rashadi. Rekord natija vodiydagi to‘ylarning birida bo‘lgan. Bitta qo‘shiqni ketma-ket 15 marta ijro etganman, — deydi xonanda Dildora Niyozova.
Zulayho Boyxonova, “Hay-hay”
O‘zbekiston xalq artisti Zulayho Boyxonovaning ijod olamiga kirib kelganiga 35 yil bo‘ldi. U 1986-yil institutni tamomlab, Muqimiy nomidagi musiqali komediya teatriga ishga qabul qilingan. Ammo ijodkor qo‘shiqchi sifatida ancha kech tanildi. Ustozi Abduhoshim Ismoilov bilan hamkorlikda yaratgan “Hay-hay” qo‘shig‘i uni xalqqa yaqinlashtirdi.— Qo‘shiq 2008-yil yaratilgan, ammo hamon o‘z tinglovchisini yo‘qotmaganidan xursandman. Yangi qo‘shiqlar ko‘pligi uchun uni bir nechta marta to‘y xizmatlari repertuaridan chiqarib tashlagandik. Ammo haligacha xalq xizmatiga borsak, shu qo‘shiqni ijro etishimni so‘rashadi. Uni men bilan birgalikda ijro etadigan muxlislar ham talaygina, — deydi Zulayho Boyxonova.
Abduvali Rajabov, “Yomg‘irlar”
Xonanda Abduvali Rajabovning eng xit qo‘shig‘i — “Yomg‘irlar” bo‘lgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Qo‘shiq 2004-yilda Ibrohim Jiyanov so‘zi, Sarvar Rahmatxo‘jayev musiqasi bilan yaratilgan.— Qo‘shiq haligacha radioto‘lqinlarning oltin o‘ntaligida turadi. Har kuni bir necha bor muxlislar talabiga binoan yangrashi meni hamisha quvontiradi. Uch yil avval Yangiyo‘lda qiziq voqea bo‘lgan. “Birrov”dan chiqib ketayotganimizda to‘y egalaridan biri oldimizga kelib: Nega “Yomg‘irlar”ni aytmadingiz? dedi. Ma’murim kelishuvga ko‘ra xizmat qilingani va endi biz boshqa to‘ylarga borishimiz kerakligini aytdi. Shunda o‘sha inson yana pul berib, “Yomg‘irlar” qo‘shig‘ini aytib berishimni so‘radi. Xullas, shu qo‘shiq sabab bitta to‘yda ikki marta xizmatda bo‘lganmiz, — deydi Abduvali Rajabov.
Umida Mirhamidova, “Oq atirgullar”
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Umida Mirhamidovaning “Oq atirgullar” qo‘shig‘i hamon o‘z muxlislariga ega, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Qo‘shiq premyerasi 2000-yilda o‘tkazilgan. Oradan shuncha yil o‘tgan bo‘lishiga qaramay, qo‘shiq hamon muxlislar e’tiborida.
— Bu qo‘shiqni ijro etishni istamaganman, hatto g‘oyasi ikki yilgacha shkafdagi keraksiz qog‘ozlar saqlanadigan qutichada yotgan. O‘zim xushlamay ijro etgan qo‘shiq kutilmaganda muvaffatga erishdi. Rosti, uni to‘ylarda ijro etishga xijolat bo‘laman. Visol oqshomida ayriliq haqida kuylash biroz noqulay. Ammo xalqimizga bu qo‘shiq yoqadi va uni bir necha bor qayta-qayta tinglashdan ham bosh tortishmaydi, — deydi xonanda Umida Mirhamidova.
Nilufar Saidova, “Haylalo”
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Nilufar Saidova “Turnalar” (1998) va “Haylalo” (1999) qo‘shiqlari bilan o‘z nomini topdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Qo‘shiq o‘z davrining xit qo‘shig‘i bo‘lgan.— “Turnalar”, “Haylalo” va “Qarashlar” qo‘shiqlarim yaratilganiga 20 yildan ziyod vaqt bo‘ldi. Hali hamon to‘y-hashamlarga borsam, shu qo‘shiqlarni ijro etishimni so‘rashadi. Shu bois qo‘shiqlarni zamonaviy talqinda ham ijro etganman.
Samandar Hamroqulov, “Sevgi fazosi”
Samandar Hamroqulov O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini bitirish arafasida “Sevgi fazosi” qo‘shig‘ini ijro etgan. Mazkur qo‘shiq xonandaning ilk ijod na’munasi hisoblanadi. Qo‘shiq 21 yillik tarixga ega, ammo hamon muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.
— Bu qo‘shiq bilan bog‘liq qiziqarli voqealar juda ko‘p bo‘lgan. Hatto mana shu qo‘shig‘imni jonli ijroda eshitish uchun Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi to‘ylarga ham taklif etishgan. To‘ylarga borsam, albatta, “Sevgi fazosi”dan bo‘lsin, deyishadi, — deydi Samandar Hamroqulov.
Ilhom Farmonov, “Onajoning rozi qil”
Ilhom Farmonov 1993-yilda “Onajoning rozi qil” qo‘shig‘i bilan xalq mehrini qozongan. “Sinchalak” va “Gulim” qo‘shiqlari ham xonanda ijodining eng gullagan davrlarida ijro etilgan.— Bu qo‘shiqlarning barini to‘ylarda ijro etaman. Yaqinda bir qiziq voqea bo‘ldi. Ancha yil avval bir bolakayning sunnat to‘yida ishtirok etgan ekanman, shu bola yaqinda ota bo‘lib, o‘g‘lining beshik to‘yiga taklif etdi, — deydi xonanda Ilhom Farmonov.
Gulsanam Mamazoitova, “Ajab-ajab”
O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitova ilk marta “Ajab-ajab” qo‘shig‘i bilan davlat tadbirida ishtirok etgan. Qo‘shiq salkam 20 yillik tarixga ega.— “Ajab-ajab”ni to‘ylarda ko‘p so‘rashadi. Ammo yangicha sayqal berilgan variantda ijro etishni istamayman. Muxlislarga eski variantdagi qo‘shiq yoqadi, demak, unga yangicha sayqal berishim shart emas, — deydi Gulsanam Mamazoitova.
Abdulhay Karimov, “To‘y bola”
Bu yil 65 yoshni qarshilagan ijodkor Abdulhay Karimov hamon xalq xizmatida. U xalqimizning quvonchli kunlarida “To‘y bola”, “O‘g‘il bola”, “Volidangni rozi qil” va “Farg‘onada bittagina” qo‘shiqlari bilan ishtirok etmoqda.— “To‘y bola” qo‘shig‘ini 1990-yil ijro etganman. Klipini 1992-yilda suratga olganmiz. Qo‘shiq o‘n minglab bolalarning sunnat va beshik to‘ylarida yangragan va hamon xalq e’tiboridan tushayotgani yo‘q. Ilhom Farmonov aytgan “Onajoning rozi qil” qo‘shig‘ini ham 1990-yil men aytganman, — deydi Abdulhay Karimov.
Yulduz Usmonova, “Qizil olma”
O‘zbek primadonnasi Yulduz Usmonovaning xalq tiliga tushmagan qo‘shig‘ini topish amrimahol. Chunki u ijro etgan qo‘shiqlarning bari muxlislar qalbidan joy olgan. “Qizil olma” qo‘shig‘i 1990-yilda yaratilgan va televediniyeda klip olinib, xalqqa taqdim etilgan. Qo‘shiq yaratilganiga 31 yil bo‘lgan bo‘lsa-da, hamon to‘y xizmatlarida aktualligini yo‘qotgani yo‘q. Qo‘shiq nafaqat Yulduz Usmonova, balki boshqa xonandalar ijrosida ham yangraydi.
Dilfuza Ismoilova, “Toshkentning sho‘x qizi”
Mazkur qo‘shiq 2000-yilda Dilfuza Ismoilova g‘oyasi, Tohir Muhammad so‘zi asosida yaratilgan. Mazkur qo‘shiqdan so‘ng xonandaga omad kulib, to‘ylarining keti uzilmay qoldi.— Yigirma yildan buyon “Toshkentning sho‘x qizi” qo‘shig‘ini kuniga kamida 10-15 marotaba ijro etaman. Kuniga 4-5 ta “birrov”im bo‘lsa, har bir to‘yda kamida ikki-uch marta ijro etishimni so‘rashadi. Eng quvonarlisi, qo‘shiqni avval yoshlar so‘rardi, hozir 80 yoshli onaxonlar ham shu qo‘shiqqa raqsga tushishyapti, — deydi Dilfuza Ismoilova.
Izoh (0)