Maftunkor, shartaki, jasur: agar kimdir shu sifatlar bilan “ajdarlarning onasi” unvoniga loyiq bo‘lsa, bu mashhur model Mey Mask bo‘lishi, shubhasiz, deb hisoblaydi Marie Claire nashri.
U yarim asrdan ko‘proq vaqt davomida modellik bilan shug‘ullangan va uchta mashhur shaxsni tarbiyalagan. Bugun uning katta o‘g‘li Ilon Mask muhandis, ixtirochi, elektromobillar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan Tesla hamda kosmik kemalar quruvchi SpaceX kompaniyasining tashkilotchisi va direktori, 2020-yilda Marsga o‘z raketalarini uchirdi, kichik o‘g‘li Kimbal — muvaffaqiyatli restoranlar egasi va taniqli filantrop (xayriya ishlari bilan shug‘ullanuvchi odam), qizi Toska esa 2017-yilda Kann kinofestivalida o‘z filmi bilan ishtirok etdi, uning 40 dan ortiq loyihalari bor. Meyning o‘zi 70-yillar arafasida CoverGirl kosmetika brendi bilan modellik bo‘yicha shartnoma imzoladi. Ammo modellik biznesi uning uchun eng muhim narsa emas.
Ona
May 1948-yil 19-aprelda Kanadaning Saskachevan provinsiyasi poytaxti Rejaynada dunyoga kelgan, lekin u tug‘ilganidan ikki yil o‘tib, oila Afrika Pretoriyasiga ko‘chib o‘tadi. Sarguzasht va kashfiyotlarga bo‘lgan ehtiros Masklarning qonida bor. Mayning ota-onasi Uinnifred Jozefina va Joshua Norman Xoldeman sarguzashtlarni jonidan sevuvchi odamlar bo‘lgan: 1952-yilda ular bir dvigatelli samolyotda dunyoni aylanib chiqishgan, o‘n yil davomida Kalahari cho‘lidagi afsonaviy Farini shahrini qidirishgan. Meyning so‘zlariga ko‘ra, uning ota-onasi juda mashhur odamlar bo‘lganiga qaramay, boshqalarni nazarga ilmaydigan kibrli odamlar toifasidan emas edi.
Yoshligida Mey boshqalar singari oddiy qiz bo‘lgan: matematika va boshqa fanlarni yaxshi ko‘rar, maktabda yaxshi o‘qirdi. U 15 yoshga to‘lganida atrofidagilar uning boshqa jihatlariga ham e’tibor berishni boshladi. Mey juda go‘zal edi:baland bo‘yli va tik qomatli, kulrang sochli, qip-qizil va chiroyli yuzli Mey dugonalari orasida ajralib turardi. Oilaning bir do‘sti modellar maktabini boshqarardi va Mey u yerda o‘qirdi. Dam olish kunlari u podiumga chiqar, jurnallar uchun suratga tushardi, vaqti-vaqti bilan hurmatga sazovor kishilar tashrif buyurgan uchrashuvlarga borardi, natijada Miss South Africa tanlovining finalchisi bo‘ldi.
Mey va Errol Mask — Ilonning otasi bir tumanda katta bo‘lishgan. Ular birinchi marta 1948-yilda — Mey 11 yoshligida tanishishgan. Errol Meyning akademik muvaffaqiyatiga befarq edi, ammo ko‘p yillardan beri uni sevardi. “U mening oyoqlarim va tishlarimni yoqtirib qolgan”, deb kulib eslaydi Mey. Universitetda o‘qish davomida ular doim uchrashib turgan. Meyning so‘zlariga ko‘ra, Errol yetti yil davomida uning doimiy muxlisi bo‘lgan va nihoyat unga erishgan. “U bir zumga ham ortimdan qolmasdi”, — deydi Mey.
Ularning nikohi boshidanoq oson bo‘lmagan. Mey asal oyi davomida homilador bo‘lib, Ilonni 1971-yil 28-iyunda — to‘ylaridan to‘qqiz oy-u ikki kun o‘tgach dunyoga keltiradi. Garchi ular nikohda juda baxtli bo‘lmasa ham ularning Pretoriyadagi hayoti juda yaxshi edi. Errol yirik qurilish loyihalar ofislarida, savdo markazlari, turar joy binolari va hatto harbiy havo kuchlari bazasida ham muhandis bo‘lib ishlagan. Bir yildan ko‘proq vaqt o‘tgach, Ilonning ukasi Kimbal va ko‘p o‘tmay singlisi Toska dunyoga keldi.
Mey model sifatida ishlashdan tashqari farzandlari tarbiyasini o‘qish bilan birgalikda olib bordi: avval Janubiy Afrikadagi Orange Free State universitetining diyetologiya, keyin Toronto universitetining nutritsiologiya mutaxassisligi bo‘yicha magistr darajalarini oldi.
Ko‘p o‘tmay, oilada halovat yo‘qoldi. 1979-yilda Mask xonim ajrashish uchun ariza berdi. Mey bolalari bilan Janubiy Afrikaning sharqiy sohilidagi Durban shahrida joylashgan dala hovliga ko‘chib o‘tdi.
Meyning so‘zlariga ko‘ra, ajralishdan keyingi birinchi yilda unga oson bo‘lmagan: u va bolalari Torontoga ko‘chib o‘tishgan va moliyaviy yordamsiz qolishgan, uning Janubiy Afrika bank hisob raqamlaridagi pullari ham muzlatilgan.
“Bir marta bolalar sutni to‘kib yuborganida yig‘laganman, chunki boshqa sut sotib olishga pulim yo‘q edi”, — deb eslaydi Mey bir intervyusida.
Hozirgi zamonaviy onalardan farqli o‘laroq, Mey farzandlarining ta’lim olishini nazorat qilmagan, uy vazifalarini tekshirmagan ham, aka-ukalar hatto onasining imzosini soxtalashtirishni o‘rganib olgan. Kimbalning aytishicha, ular juda mustaqil bo‘lib ulg‘aygan. Bolalarni tarbiyalashga bo‘lgan munosabati haqida so‘rashganida, Mask xonim xotirjam javob beradi: “Men doim ideal ona bo‘lganman”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u hech qachon farzandlari hayotda o‘z yo‘lini topa oladimi, deb xavotirlanmagan: “Bunga vaqtim ham yo‘q edi”, deb javob beradi u. Bir necha yil o‘tgach, Ilon otasi bilan yashashni xohlayotganini aytadi. “Menga otam juda g‘amgin va yolg‘izdek tuyuldi: onamning uch farzandi bor, uning esa hech kimi yo‘q edi, — deydi Mask. — Bu menga nohaqlikdek ko‘rindi”. “U nega men unga yaratib bergan bu baxtli oilani tark etganini tushuna olmadim, — deb shikoyat qiladi Mey. — Ammo Ilon har doim o‘zi nimani to‘g‘ri deb bilsa, o‘shani qilardi”. Keyinchalik Kimbal ham otasinikiga ko‘chib o‘tdi va buni o‘g‘il otasi bilan yashashi tabiiy hol ekani bilan tushuntirdi. Ammo Ilonning so‘zlariga ko‘ra, bu narsa u bugun pushaymon bo‘lgan kam sonli qarorlaridan biri bo‘lgan.
“Bolalik yillarim yaxshi bo‘lmagan deb aytishim mumkin, — deydi u. — Tasavvurda yaxshi ko‘rinishi mumkin, ammo unday emas edi. Aksincha bolaligim azob-uqubatlarga to‘la bo‘lgan. Otam hayotni ma’nosiz qilishni juda yaxshi bilardi. U har qanday vaziyatni, eng yaxshisini ham — hamma narsani buzishi mumkin edi. U baxtsiz odam. Bilmayman...odam qanday qilib bunday bo‘lib qolishi mumkin”.
Garchi Ilon va Kimbal hozirgacha bu haqda batafsil so‘zlab berishni rad etishsa-da, ular otalari bilan bo‘lgan vaqt davomida jiddiy jismoniy jarohatlarga ham duch kelganliklari aniq. Ikkalasida ham qandaydir ruhiy qiynoq taassurotlari borligi seziladi.
Sobiq turmush o‘rtog‘i Errol haqida gap ketganda Mey shunday deydi: “Hech kim u bilan til topisholmasdi. U bilan yashash qiyin edi. U haqda gapirishni xohlamayman, chunki bularning barchasi dahshatli tush kabi”.
“Jurnal muqovasidagi buvijon”
80-yillardan boshlab Mey Mask, asosan, ovqatlanish tibbiyoti bilan shug‘ullanadi, shu bo‘yicha ma’ruzalar o‘qiydi, ba’zida modellik qilish yoki videokliplarda suratga tushishdan ham bosh tortmaydi (uni Beyonsening Haunted qo‘shig‘i klipida ko‘rish mumkin).
Ammo bir necha yil oldin uning modellik karyerasida burilish davri bo‘ldi — Mey nafaqat fotosessiyalarda, balki podiumlarda ham model sifatida ishtirok etish bo‘yicha kelib tushgan ko‘plab takliflar tufayli nutritsiolog sifatida ish jadvalini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldi.
Mavzuga doir:- Zamonamiz Zolushkasi: Bir vaqtlar Apple kompaniyasiga ishga olinmagan Iordaniya malikasi Raniya al-Abdulla hikoyasi
- Fanga bo‘ron kabi kirib, ancha-muncha erkaklarning popugini pasaytirib qo‘ygan olima. Mariya Skladovskaya-Kyuri hayoti davomida amal qilgan 10 saboq
- Jasur yurak sohibasi: millionlab qalblardan joy olgan “dunyodagi eng qo‘rqinchli ayol” — Elizabet Velaskes hikoyasi
- Bolaligida duduqligi sabab kamsitilgan, rafiqasi va ikki farzandidan ayrilgan AQSh prezidenti — Jo Bayden hikoyasi
Izoh (0)