Rossiya tomonidan Ukrainaning energetika infratuzilmasiga doimiy hujumlar dunyodagi oziq-ovqat inqirozini yanada kuchaytiradi. Bu haqda The New York Times xabar berdi.
Qayd etilishicha, vaziyat asosiy oziq-ovqat eksportchilari bo‘lgan AQSH, Braziliya va Argentinada qurg‘oqchilikni yanada og‘irlashtirmoqda. Yozda Ukraina Qora dengiz orqali oziq-ovqat eksportini tiklashga muvaffaq bo‘lgan. Ammo “don yo‘lagi” doirasida Ukraina donining yetkazib berilishi barcha ehtiyojlarni qoplamaydi.
“Uzoq davom etgan global oziq-ovqat inqirozi Ukrainadagi urushning eng keng tarqalgan oqibatlaridan biriga aylandi va ochlik, qashshoqlik, erta o‘limga ta’sir qildi”, — deyiladi xabarda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Jahon oziq-ovqat dasturining hisob-kitobiga ko‘ra, 345 milliondan ortiq odam oziq-ovqat bilan ta’minlanmagan yoki ochlikdan o‘lish xavfi ostida. Bu ko‘rsatkich 2019-yilga nisbatan ikki baravar ko‘pligi aytilmoqda.
Oziq-ovqat tanqisligi va yuqori narxlar Afrika, Osiyo va Amerikada inqirozga sabab bo‘lmoqda. Urushdan vayron bo‘lgan Afg‘oniston va Yaman eng ko‘p jabr ko‘rmoqda, Misr va Livan esa o‘z to‘lovlarini to‘lashga qiynalmoqda. Oziq-ovqat inqirozi hatto AQSH va Buyuk Britaniya kabi boy mamlakatlarga ham ta’sir qildi.
Qayd etilishicha, Ukraina dunyodagi eng yirik don eksportchilaridan biri, ammo Rossiya boshlagan urush tufayli portlar to‘sib qo‘yilgandi, jahon hamjamiyati eksportni to‘xtatish qashshoq mamlakatlarda ocharchilikka olib kelishi mumkinligidan xavotirda bo‘lgan.
BMT bosh kotibi vakili Stefan Dyujarrikning aytishicha, bug‘doy va boshqa mahsulotlar narxining pasayishiga Ukrainadan oziq-ovqat yetkazib berishning qayta tiklanishi sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
Mavzuga doir: Rossiya Ukrainaning kamida 1 milliard dollarlik bug‘doyini o‘g‘irladi — NASA
Izoh (0)