O‘zbekistonda 2022-yil davlat budjetiga o‘zgartirish to‘g‘risida masala ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda deputat Rasul Kusherbayev Telegram sahifasida xabar bermoqda.
Deputatlar qo‘liga shoshilinch berilgan Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan qonun loyihasi ko‘ra, 2022-yil budjetidan eksport qilinadigan mamlakatlarda mahalliy avtomobil sanoati korxonalari tomonidan to‘lanadigan utilizatsiya yig‘imi xarajatlariga davlat budjetidan mablag‘ ajratish uchun Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi 224,5 mlrd so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, budjetdan:
- davlat-xususiy sherikchiligi asosida asosida faoliyat ko‘rsatayotgan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari sonining ortib borayotgani hisobiga ushbu yo‘nalishga qo‘shimcha subsidiyalar ajratish uchun Maktabgacha ta’lim vazirligi 407,1 mlrd so‘mga;
- issiqlik ta’minoti bo‘yicha aholiga past darajali tariflar qo‘llanishi natijasida yuzaga kelgan zararlarni qoplash maqsadida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi 404,7 mlrd so‘mga;
- hududlarda zudlik bilan yechilishi lozim bo‘lgan qo‘shimcha tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida keyinchalik mahalliy budjetlarga qayta taqsimlash (o‘tkazib berish) maqsadida Moliya vazirligiga 1 000,0 mlrd so‘mga oshirish ko‘zda tutilgan.
Iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra, UzAuto Motors eksport qiladigan avtomobillar uchun utilizatsiya xarajatlariga davlat budjeti hisobidan qo‘shimcha 225 mlrd so‘mgacha subsidiya ajratilmoqda. 2022-yil budjeti tasdiqlanganida bu summa 100 mlrd so‘m edi.
“Yil boshida tasdiqlangan budjetda xorijga eksport qilingan avtomobillar uchun utilizatsiya yig‘imini qoplashga 100 mlrd subsidiya bir dumalab yil oxirida 325 mlrd so‘mga yetibdi. Bu siz o‘z yoningizdan qozog‘istonlik va rossiyalik xaridorlar sotib olayotgan avtomobillar uchun ham utilizatsiya yig‘imini to‘layapsiz degani”, — deb yozadi Bakirov.
Izoh (0)