Ijtimoiy tarmoqlarda “Ayrim dacha egalari o‘z kanalizatsiya tizimlarini bevosita Chorvoq suv omboriga yo‘naltirgan” mazmunidagi xabarlar tarqaldi. Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi bunga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, holat boshqarmaning Bo‘stonliq tuman bo‘limi tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi. O‘rganish davomida Bo‘stonliq tumani “Burchmullo” MFY Chorvoq suv ombori hududiga ushbu hududda yashovchi aholi tomonidan xo‘jalik tomorqani sug‘orilgan va yomg‘ir suvlarini chiqib ketishi uchun ariqlar kovlanib, unga polietilin quvurlar qo‘yilib suvlar o‘tkazib yuborilgani aniqlandi.
Holat bo‘yicha ushbu hududga mas’ul bo‘lgan Chorvoq suv ombori xodimiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 82-moddasi (muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning rejimini buzish) 2-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va BHMning 10 barobari — 4 million 120 ming so‘m miqdorida jarima chorasi qo‘llanildi. Kovlangan ariqlar va unga qo‘yib chiqilgan quvurlar olib tashlanib bartaraf etildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlardan bu yagona holat emasligini ko‘rish mumkin. “Chorvoqqa nimalar oqyapti? Nega suv bo‘yi sariq?”, deya savol bergan tarmoq foydalanuvchilaridan biri. Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi xabarida boshqa holatlar haqida ma’lumot berilmadi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonalari, tabiat bog‘lari, davlat tabiat yodgorliklari, ayrim tabiiy obyektlar hamda majmualarni saqlab qolish, takror ko‘paytirish va tiklash uchun mo‘ljallangan hududlar, muhofaza etiladigan landshaftlar shu jumladan suvni muhofaza qilish zonalari, sohil bo‘yi mintaqalari, ayrim tabiiy resurslarni boshqarish uchun mo‘ljallangan hududlar, davlat biosfera rezervatlari hamda davlatlararo muhofaza etiladigan tabiiy hududlar rejimini buzish fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 15 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Izoh (0)