Qozog‘istonda inflyatsiya “so‘nggi 14 yil ichida tarixiy eng yuqori darajaga yetdi” – 19,6 foiz. Bu haqda mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev hukumatning kengaytirilgan yig‘ilishida ma’lum qildi.
“Albatta, bunday holat aholi turmush darajasi va daromadlariga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, — dedi u. To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish 4,6 foizdan 2,7 foizgacha pasaygan.
Qozog‘iston bosh vaziri Alixon Smailov “geosiyosiy keskinlikning kuchayishi, rekord darajadagi global inflyatsiya, logistika aloqalarining uzilishi va ayrim tovarlarni qo‘shni davlatlarga eksport qilishning vaqtinchalik cheklanishi”ni inflyatsiyaga ta’sir ko‘rsatgan asosiy omillardan deb atadi.
“Hukumat inflyatsiyaga qarshi kurashmoqda”, — deya ishontirdi bosh vazir. Uning aytishicha, xususan, ichki bozorda mahalliy tovarlar ulushini oshirish va chakana savdoni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda.
Qozog‘iston Milliy banki ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyida yillik inflyatsiya 19,6 foizga yetgan. Regulyator bazaviy stavkani yiliga 16,75 foizga oshirdi.