Ukrainaning havo hujumidan mudofaa tizimini kuchaytirish Vashington uchun ustuvor vazifa. Bu haqda AQSH prezidenti Jo Bayden ukrainalik hamkasbi Vladimir Zelenskiy bilan telefon suhbatida aytib o‘tdi, deyiladi Oq uy saytidagi bayonotda.
“Prezident Bayden AQSH xavfsizlik bo‘yicha yordam orqali Ukraina havo mudofaasini kuchaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarga ustuvor ahamiyat berayotganini ta’kidladi”, — deyiladi bayonotda.
Zelenskiy Bayden bilan muzokaralardan so‘ng o‘zining Telegram kanalida videomurojaat e’lon qildi. Unga bergan izohida Ukraina prezidenti Kiyev G7 sammiti oldidan “Amerika bilan o‘z pozitsiyalarini muvofiqlashtirib olganini” yozgan (G7 tarkibiga Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Fransiya, Yaponiya va AQSH kiradi, shuningdek, sammitlarda Yevropa Ittifoqi ham ishtirok etadi). Uchrashuv 12-dekabr kuni onlayn formatda bo‘lib o‘tadi, unda Ukraina ishtirok etadi.
Ukraina Rossiyaning mamlakat infratuzilmasiga bergan zarbalaridan keyin G‘arb davlatlarini havo hujumidan mudofaa tizimlarini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga chaqirgandi. Rossiya 10-oktabrdan beri Ukraina obyektlarini doimiy ravishda o‘qqa tutmoqda. Zelenskiy 13-oktabr kuni mamlakatda “osmonni yopish” uchun zarur bo‘lgan havo hujumidan mudofaa tizimlarining atigi 10 foizi borligini aytdi.
Shundan so‘ng Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSH va boshqa davlatlar Ukrainaga havo mudofaasini yetkazib berishni va’da qildi. Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba tizimlar mamlakatga yil oxirigacha yetkazib kelishini ma’lum qildi.