NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Ukrainadagi urush Shimoliy Atlantika alyansi va Rossiya o‘rtasidagi nizoga aylanib ketishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda u Norvegiyaning NRK telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Ukrainadagi urush dahshatli, u to‘liq ko‘lamli urushga aylanib ketishi, u esa, o‘z navbatida, NATO va Rossiya o‘rtasida katta urushni keltirib chiqarishi mumkin. Biz mana shu narsaga yo‘l qo‘ymaslik ustida har kuni ishlayapmiz”, — dedi Stoltenberg.
Shuningdek, u Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan “charchagan”larni “tushunishi”ni aytib, oziq-ovqat va yonilg‘i narxi oshib ketganidan norozilik bildirgan, ammo, uning fikricha, agar Vladimir Putin Ukrainadagi urushda g‘olib bo‘lib, bu mamlakatlardagi ozodlik va tinchlikni xavf ostiga qo‘yadigan bo‘lsa, G‘arb “bundan ancha kattaroq haq to‘lashi”ga to‘g‘ri keladi.
9-dekabr kuni Vladimir Putin Rossiya, xuddi AQSH kabi, o‘z harbiy doktrinasiga preventiv qurolsizlantiruvchi yadro zarbasini kiritishi mumkinligini aytdi.
NATO va Rossiya o‘rtasidagi urush xavfi haqidagi gap-so‘zlar Ukrainada urush boshlanganidan buyon davom etib kelmoqda. Shunday xavf tufayli, G‘arb mamlakatlari Kiyevning havo hududini yopish haqidagi iltimosiga rad javobini berdi, shuningdek, qurol-yarog‘ yetkazishni chekladi. Rossiya rasmiy shaxslari NATO aslida nizoda Ukraina tomonida turib qatnashayotganini muntazam da’vo qilib keladi.
Noyabr o‘rtalarida Polshaga raketa qulab, ikki kishi halok bo‘lganidan keyin NATO va Rossiya o‘rtasidagi urush yuzasidan xavotirlar kuchaydi. Dastlab raketa Rossiya tomonidan uchirilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi, keyinroq G‘arbdagilar u Ukraina havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi raketasi bo‘lganini ma’lum qildi.
Mavzuga doir:
Izoh (0)