Ukrainaning “Ukrtransnafta” davlat kompaniyasi “Transneft”ni Rossiya neftini Vengriya, Chexiya va Slovakiyaga ketadigan “Drujba” neft quvurining janubiy tarmog‘i orqali yetkazib berish uchun tarifni oshirish niyati haqida ogohlantirdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Kompaniya Kiyev stavkani 1 tonna uchun 13,6 yevrogacha oshirmoqchiligini ma’lum qilgan. Bu joriy ko‘rsatkichdan 18,2 foizga, yil boshidagi narxdan 58,1 foizga yuqoridir.
“Transneft” prezidentining maslahatchisi Igor Deminning ta’kidlashicha, kompaniya Rossiyaning tegishli vazirliklari va o‘z tizimiga neft yetkazib beruvchi kompaniyalari bilan maslahat o‘tkazish niyatida. Yil oxirigacha qaror qabul qilinadi, deya tushuntirdi u.
Avvalroq “Ukrtransnafta” Rossiya harbiy maxsus operatsiyasi chog‘ida neftni tashish infratuzilmasini qisman yo‘q qilish hisobiga tarifni oshirish zarurligini ta’kidlagan edi.
Bu safar energetika infratuzilmasining qisman vayron bo‘lishi, ehtiyot qismlarning yetishmasligi, shuningdek, harbiy harakatlar sharoitida xodimlarning xavfsiz mehnatini tashkil etish xarajatlarining oshishiga olib kelgani aytilmoqda.
Noyabr oyi o‘rtalarida Ukraina Vengriya yo‘nalishi bo‘yicha “Drujba” orqali neftni yuborishni to‘xtatib, buni Rossiya raketalari hujumi natijasida transformator stansiyasiga zarar yetkazilishi va elektr tarmog‘idagi kuchlanishning pasayishi bilan izohladi. 16-noyabr kuni yetkazib berish qayta tiklandi.
Ukraina orqali “Drujba”ning janubiy tarmog‘i bo‘ylab oyiga 1—1,5 million tonna neft yetkazib beriladi. O‘tgan yili tranzit 12 million tonnani tashkil etgan, shundan 5,2 million tonnani Slovakiya, 3,4 million tonnani Chexiya va Vengriya qabul qilib olgan.
Izoh (0)