Andijon shahridagi 50-maktab stadioni sotib yuborilib, o‘rniga ko‘p qavatli uy qurilayotgani haqida xabar berilgandi. Viloyat prokuraturasi holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, Andijon shahar hokimining 2019-yil 14-avgustidagi qarori bilan 50-sonli umumta’lim maktabining yer maydoni hokimlik zaxirasiga olinib, mazkur yer maydoni shahar hokimining 2020-yil, 2-iyundagi qaroriga asosan “SXF Andijon sitiy stroy” MCHJga kompleks bino inshootlari qurish uchun ajratib berilgan.
O‘rganishda, yerni ushbu MJCHga ajratish haqidagi qaror soxtalashtirilgani aniqlanib, Andijon shahar prokuraturasi tomonidan 2022-yil 5-oktabr kuni Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov harakatlari Andijon shahar IIO FMB huzuridagi TB tomonidan olib borilmoqda.
Bundan tashqari, shahar hokimining 2019-yil 14-avgustidagi qarori qonun talablariga zid ravishda qabul qilingani sababli, qarorni haqiqiy emas deb topish haqida Andijon tumanlararo ma’muriy sudiga da’vo arizasi kiritilgan.
Izoh (0)