Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk Twitter kompaniyasining yangi egasi Ilon Maskni Twitter ijtimoiy tarmog‘ida inson huquqlariga rioya etilishini ta’minlashga chaqirdi. Ochiq xat BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi saytida e’lon qilingan.
“Umumiy huquqlarimizga rioya etish platforma evolyutsiyasi va undan foydalanish chegaralarini belgilashi kerak. Boshqacha qilib aytganda, men sizni inson huquqlari sizning rahbarligingiz ostida Twitter boshqaruvining markazida bo‘lishini ta’minlashga chaqiraman”, — deyiladi xatda.
Tyurkning qo‘shimcha qilishicha, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Maskning Twitter xodimlarining muhim qismini ishdan bo‘shatganidan xavotirda. Oliy komissarning so‘zlariga ko‘ra, ishdan bo‘shatilgan xodimlar inson huquqlari va axloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish uchun mas’ul bo‘lgan.
Ilon Mask Twitter’ni 44 milliard dollarga sotib olgach, kompaniya bir qator o‘zgarishlarni boshidan kechirdi. Xususan, Mask xodimlarning yarmini ishdan bo‘shatdi. Kompaniya bu qadam dezinformatsiyadan himoya qilish uchun mas’ul bo‘lgan guruhlarga kamroq ta’sir ko‘rsatganini ta’kidlagan.
Reuters kompaniya xodimlarining Twitter’dagi postlariga tayanib, aloqa, kontent kuratorligi, inson huquqlari va sun’iy intellektni o‘rganish etikasiga mas’ul bo‘lgan guruhlar, shuningdek, mahsulot va muhandislik guruhlarining ayrimlari qisqartirilganini yozadi.
NBC telekanali ham kompaniyaning bir qancha sobiq va amaldagi xodimlariga tayanib, qisqartirishlar aynan shu bo‘limlarga “zarba berganini” xabar qilmoqda. Telekanalga kompaniyaning ikki sobiq xodimi va hozir ishlayotgan bir xodimi aytib berishicha, dezinformatsiyadan himoya qilish guruhining qisqarishi AQSHda bo‘lajak Kongress saylovlari tufayli eng katta tashvish hisoblanadi.
Izoh (0)