Teleboshlovchi va bloger Kseniya Sobchak 25-oktabrdan 26-oktabrga o‘tar kechasi Rossiyani tark etib, Belarus orqali Litvaga o‘tib ketdi, deb xabar qiladi “TASS”.
“U Moskvadan kechki payt (25-oktabr) jo‘nab ketgan. Shu bilan birga, u internet orqali kecha Dubayga, bugun esa Turkiyaga aviachiptalar sotib olgan. U tezkor xodimlarni chalg‘itish uchun shunday qilgan. Natijada u Belarus orqali Litvaga kirishga muvaffaq bo‘ldi”, — deydi manba. Manbaning qayd etishicha, tergovchilarda Sobchakni hibsga olish haqidagi qarori bo‘lgan, biroq u qochib ketgan.
Avvalroq Sobchakning Moskva viloyatidagi uyida tintuv o‘tkazilgani haqida xabar berilgan edi.
Sobchak “Ostorojno, media” (“Ehtiyot bo‘ling, matbuot”) loyihasini boshqaradi, u yangiliklar Telegram kanallar va pabliklarini, podkastlar studiyasini, shuningdek, Sobchakning ijtimoiy tarmoqlarini o‘z ichiga oladi.
Sobchak — teleboshlovchi va siyosatchi, 2018-yilda u Rossiya prezidenti saylovida qatnashib, 1,68 foiz ovoz bilan to‘rtinchi o‘rinni egallagan. 2019-yildan buyon “Ehtiyot bo‘ling, Sobchak!” YouTube kanalini yuritib, yangiliklar sharhlari va taniqli shaxslar bilan intervyularni joylab boradi.
Izoh (0)