23-noyabr kuni Parijdagi Arab dunyosi institutida O‘zbekistonning XIX asr o‘rtalaridan to XX asr boshlarigacha bo‘lgan davri mobaynida yaratilgan noyob xalq amaliy san’ati asarlarini namoyish etuvchi ko‘rgazma ochiladi. Bu haqda Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari xabar qildi.
Qayd etilishicha, Fransiyada ilk bor xalqaro jamoatchilik diqqat-e’tiboriga O‘zbekistonning 9 ta yirik muzeylaridan 300 dan ortiq ashyolar, jumladan, to‘qimachilik, liboslar, poyabzal, bosh kiyimlar, zargarlik buyumlaridan iborat sara to‘plamlar, shuningdek, Nukus, Samarqand va Buxoroning eng yirik muzeylaridan Turkiston va rus avangardiga taalluqli 24 ta mo‘yqalam asarlari taqdim etiladi.
Ko‘rgazma Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi va Arab dunyosi instituti hamkorligida tashkil etiladi. Ko‘rgazma bosh kuratori Yaffa Assulin hisoblanadi.
“Aminmanki, ushbu yirik loyiha O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi madaniyatlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi, tashrif buyuruvchilar uchun esa mintaqaga xos amaliy va tasviriy san’atning betakror yutuqlarini kashf ettiradi”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)