Chet el valyuta qimmatliklarini noqonuniy ravishda davlat chegarasidan o‘tkazilishiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar bermoqda.
Xususan, Namangan—Nanay yo‘nalishi bo‘ylab Yangiqo‘rg‘on tumani hududida harakatlanayotgan mahalliy fuqaro (1991-yilda tug‘ilgan) boshqaruvidagi Cobalt avtomobili to‘xtatilgan.
Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning salon qismida 200 ming dollar borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur fuqaro hozirda shaxsiga aniqlik kiritilayotgan qirg‘izistonlik notanish shaxslar bilan o‘zaro til biriktirib, juda ko‘p miqdordagi xorijiy valyutani noqonuniy ravishda Qirg‘izistonga o‘tkazmoqchi bo‘lgan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Izoh (0)